Sirdaryoda “Mehr ulash” aksiyasi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida aholining salomatligini muhofaza qilish, og‘ir ahvoldagi bemorlarga umid bag‘ishlashga qaratilgan navbatdagi xayrli tashabbus amalga oshirildi. Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Mehr ulash” qon topshirish xayriya aksiyasida viloyat adliya boshqarmasi jamoasi ham faol ishtirok etdi.
Mazkur aksiya doirasida boshqarma binosida donorlik tadbiri tashkil etildi. Unda Sirdaryo viloyat qon quyish stansiyasining sayyor tibbiy brigadasi ishtirok etib, qon olish jarayonlari sanitariya-gigiyena talablari asosida xavfsiz va tartibli ravishda amalga oshirildi. Donorlar dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning salomatlik holati mutaxassislar tomonidan atroflicha baholandi.

Aksiya davomida 20 nafardan ortiq adliya tizimi xodimlari ko‘ngilli va beg‘araz ravishda qon topshirib, insonparvarlik va hamjihatlikning amaliy namunasini ko‘rsatdilar. Mutaxassislar ta’kidlashicha, donorlik orqali yig‘ilgan qon komponentlari jarrohlik amaliyotlarida, og‘ir jarohat olganlar hamda qon kasalliklariga chalingan bemorlarni davolashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

– Bunday xayriya aksiyalar jamiyatimizda mehr-oqibat, inson qadrini ulug‘lash kabi yuksak qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Har bir topshirilgan qon bu kimningdir hayotini saqlab qolish demakdir. Adliya organlari xodimlari bundan buyon ham shunday ezgu ishlarda faol ishtirok etishni davom ettiradi, – deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Zohidov.

Qayd etish joizki, donorlik nafaqat ehtiyojmand bemorlar uchun hayotiy zarurat, balki jamiyatda ijtimoiy mas’uliyat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlovchi muhim omil hisoblanadi.

– Nafaqat adliya tizimi xodimlari, balki barcha qon donorlari tomonidan topshirilayotgan har bir qon komponenti kimningdir hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi. Qolaversa, muntazam donorlik inson organizmida qon yangilanishiga yordam beradi, qon aylanishi bilan bog‘liq ayrim muammolarning oldini olishga xizmat qiladi, – deydi Sirdaryo viloyat qon quyish stansiyasi bosh shifokori Haydar Salomov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri