Sirdaryoda ikki qiz, bir o‘g‘il tug‘ildi
Navro‘z bayrami shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida uch egizak dunyoga keldi. Egizaklarning kattasining vazni 1,930 kg, o‘rtanchasining vazni 2,400 kg, kichigi, ya’ni o‘g‘il chaqaloqning vazni 2,100 kg.
Tabiiy tug‘ruq jarayonida dunyoga kelgan egizaklarning umumiy ahvoli qoniqarli.

– Quvonchimning cheki yo‘q, – deydi Jizzax viloyati Forish tumanining Uchma qishlog‘idan Sirdaryoga kelgan Anorxol Isroilova. – Bu ham Yaratganning ulug‘ inoyati. Menga, qolaversa, farzandlarimning tug‘ilishiga yordam bergan markaz filiali rahbari, akusher-ginekolog Hanifa Sodiqova, filial rahbarining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Matluba Mirzaqulova, neontolog Ra’no Azizova, doya Gulnora Sobirova va boshqa xodimlarga o‘z tashakkurimni bildiraman.
Anorxol va uning turmush o‘rtog‘i to‘rt qizdan so‘ng o‘g‘il farzand kutishgandi. Bu niyat ham amalga oshdi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri