Sirdaryoda eng kuchli polvonlar aniqlandi
Sirdaryo viloyatida "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida milliy kurash bo‘yicha "Bosh prokuror kubogi" musobaqasining viloyat bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi. Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan saralab olingan 18–30 yoshli polvonlar bir gilamda jam bo‘lib, nafaqat g‘oliblik, balki respublika bosqichi yo‘llanmasi uchun ham murosasiz bellashdi.
Bellashuvlar milliy kurashga xos jasorat, kuch, chaqqonlik va yuksak mahoratga boy bo‘ldi. Har bir vazn toifasida g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmadi. Polvonlar hal qiluvchi pallalarda irodasi, jismoniy tayyorgarligi va taktik mahoratini namoyon etib, tomoshabinlarga qiziqarli bahslarni taqdim etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Mirzaobod tumanidan Jasurbek Murodov 66, Sirdaryo tumanidan Shohrux Zaripov 81, Sayxunobod tumanidan Farmon Sharapov 90, Sayxunobod tumanidan Sunnat Shavqiyev va Boyovut tumanidan Asliddin Qo‘ldoshevlar esa +90 kilogramm vazn toifalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Ayollar o‘rtasida Sirdaryo tumanidan Ro‘zigul Sultonova 48, Boyovut tumanidan Dildora Karimova 50, Oqoltin tumanidan Sevinch Tuyg‘unova hamda Sirdaryo tumanidan Farangizxon Xolosovalar esa 70 kilogrammlik vazn toifalari bo‘yicha barcha raqiblarini ortda qoldirib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.
[gallery-30416]
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan polvonlar respublika bosqichiga yo‘llanmaga ega bo‘lishdi. Shuningdek, g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA