Sirdaryoda antenatal parvarish sifati tahlil qilindi
Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan antenatal parvarish (tug‘ruqdan oldingi) xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida tibbiyot muassasalari faoliyati tahlil qilinib, akusher-ginekologlar, patronaj hamshiralari hamda boshqa tibbiyot xodimlarining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Sirdaryo viloyati filiali rahbari Shahlo Xojayeva boshchiligidagi mutaxassislar guruhi tomonidan tashkil etilgan tashriflar davomida antenatal parvarish xizmatlarining sifati, homilador ayollarni dispanser kuzatuviga olish tizimi, klinik protokollarga rioya etilishi hamda amaliy faoliyat holati atroflicha o‘rganildi.

O‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda homiladorlikni erta muddatlarda aniqlash, xavf guruhiga kiruvchi ayollarni o‘z vaqtida saralash, samarali dispanser kuzatuvini tashkil etish, yuqori xavf omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf etish masalalari yuzasidan tibbiyot xodimlariga amaliy tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, tibbiy hujjatlarni yuritish sifati va profilaktik ishlar samaradorligi ham baholandi.

— Antenatal parvarish sifati ona va bola salomatligini muhofaza qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Homiladorlik davrida har bir ayolni o‘z vaqtida tibbiy kuzatuvga olish, xavf omillarini erta aniqlash va ularni bartaraf etish orqali turli asoratlarning oldini olish mumkin. Bugungi o‘quv-amaliy seminarlar tibbiyot xodimlarining nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, antenatal parvarish xizmatlarini yagona standartlar asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Bu esa hududlarda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yuksaltirish va “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” tamoyilini hayotga izchil tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Sirdaryo viloyati filiali rahbari Shahlo Xojayeva.
O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar hamda uslubiy tavsiyalar taqdim etildi.
Shuningdek, Shirin va Yangiyer shaharlari, Boyovut, Sirdaryo, Guliston hamda Oqoltin tumanlarida tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarlar va tibbiy ko‘riklar davomida 100 nafardan ortiq homilador ayol hamda reproduktiv yoshdagi xotin-qizlarning salomatligi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati filialining malakali akusher-ginekologlari va boshqa tor ixtisoslikdagi mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganildi.

Tibbiy ko‘riklar natijasida sog‘lig‘ida jiddiy muammolar aniqlangan homilador ayollar qo‘shimcha tekshiruv va davolanish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yo‘naltirildi. Qolgan homilador ayollarga esa sog‘lom homiladorlikni ta’minlash, to‘g‘ri ovqatlanish, xavf omillarining oldini olish hamda muntazam tibbiy kuzatuvdan o‘tish bo‘yicha amaliy tavsiya va zarur ko‘rsatmalar berildi.
Eng muhimi, mazkur tadbirlar bir martalik aksiya emas. Viloyatda antenatal parvarish xizmatlari sifatini yanada takomillashtirish, homilador ayollarni sifatli tibbiy kuzatuv bilan qamrab olish hamda ona va bola salomatligini ishonchli muhofaza qilishga qaratilgan bu kabi o‘quv-amaliy seminarlar va tibbiy o‘rganishlar izchil davom ettirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri