Sirdaryo jurnalistlari qadimiy Xivada
Yurtimiz mustaqilligining shonli 35 yillik bayrami arafasida Sirdaryo viloyatining bir guruh faxriy va ijodkor jurnalistlari uchun qadimiy va navqiron Xiva shahriga unutilmas sayohat tashkil etildi. «Vatanning har go‘shasi azizdir bizga» loyihasi doirasida amalga oshirilgan ushbu safar qalam ahlining tarixiy merosimiz bilan yaqindan tanishishi, ma’naviy hordiq chiqarishi va ijodiy ruhini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
Jurnalistlarning qadimiy Xivaga sayohati O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashining bevosita homiyligi va amaliy ko‘magi asosida tashkil etildi. Bu ezgu tashabbus, avvalo, ko‘p yillar davomida matbuot sohasida samarali mehnat qilib, yurt va xalq hayotini keng yoritishga munosib hissa qo‘shgan faxriy jurnalistlarni e’zozlash, ularga munosib hurmat ko‘rsatish, shuningdek, ijod ahlining madaniy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitish maqsadlarini mujassam etdi.
Xiva — tarix va bugun uyg‘unlashgan, asrlar siri va ajdodlar tafakkuri mujassam bo‘lgan noyob shahar. Ochiq osmon ostidagi muzey shaharga tashrif buyurgan sirdaryolik jurnalistlar uning qadimiy ko‘chalari, muhtasham me’moriy obidalari va betakror muhiti bilan yaqindan tanishdilar. Ichan-qal’a devorlari, tarixiy madrasalar, minoralar va saroylar ularda ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy-madaniy merosga nisbatan yanada yuksak ehtiros uyg‘otdi.

Sayohat davomida jurnalistlar nafaqat tarixiy obidalarni tomosha qildilar, balki Xiva zaminida kechgan buyuk tarix, ilm-fan, madaniyat va davlatchilik an’analari haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Har bir tarixiy inshoot, har bir qadimiy ko‘cha ular uchun o‘ziga xos saboq va taassurot manbai bo‘ldi.
— Kasaba uyushmalari Sirdaryo viloyati kengashi homiyligida har yili 50–60 nafar jurnalistni yurtimizning turli tarixiy maskanlariga sayohatlarga, go‘zal tabiat quchog‘idagi oromgohlarga dam olish uchun yuborish an’anaga aylangan. «Yaxshi dam — mehnatga hamdam», deganlaridek, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik hamkasblarimizning ko‘ngliga quvonch, qalbiga ilhom bag‘ishlab, ijodiy faoliyatiga yangi ruh olib kirishi shubhasiz, — dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova.
Darhaqiqat, jurnalist mehnati doimo izlanish, kuzatish va yangilikka intilishni talab etadi. Shu bois bunday ma’naviy-ma’rifiy safarlar ijodkorlar uchun oddiy hordiq emas, balki yangi taassurotlar, yangi g‘oyalar va ijodiy ilhom manbai hamdir. Ayniqsa, yurtimizning tarixiy shaharlari va muqaddas qadamjolariga safar qilish qalam ahlini Vatan tarixi va bugunini yanada teran anglashga undaydi.

Safar ishtirokchilari Xivaning betakror muhiti, qadimiy me’morchiligi va milliy qadriyatlar uyg‘unligidan katta taassurot oldilar. Ajdodlar merosini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish, tarixiy obidalar bag‘rida bo‘lish ularning Vatanga bo‘lgan mehri va faxrini yanada mustahkamladi.
Eng muhimi, mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonasi arafasida tashkil etilgan ushbu sayohat faxriy va ijodkor jurnalistlar uchun chinakam bayram tuhfasi bo‘ldi. Samimiy muloqotlar, tarixiy maskanlarga tashriflar va mazmunli hordiq barchada ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri