“Sinxua” O‘zA Bosh direktori maqolasini chop etdi
Xitoyning yetakchi axborot agentligi – “Sinxua” sahifalarida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimovning “Noyob zanjirning 31 xalqasi” nomli maqolasi e’lon qilindi. Maqola o‘tgan 31 yil ichida barqarorlik kasb etgan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabat rivojiga bag‘ishlangan.
Guanjou shahrida bo‘lib o‘tgan “Butunjahon 5-media sammiti” kunlari chop etilgan mazkur maqolada ikki mamlakat hamkorligi izchil rivojlanayotgani, davlat rahbarlarining o‘zaro tashrif va uchrashuvlari barcha darajadagi aloqalarni mustahkamlab, bu borada yangi ufqlar ochayotgani qayd etilgan.
– Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi aloqalar bir necha ming yillarga borib taqaladi, – deyiladi maqolada. – Ayni payt savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ta’lim, madaniy-gumanitar, xavfsizlik, yuqori texnologiyalar, axborot almashinuvi va sog‘liqni saqlash sohalaridagi O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan.
Muallif joriy yil may oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti doirasida Xitoyga qilgan davlat tashrifi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlaydi. Toshkent va Samarqandda 10 mingdan ziyod xitoy tili mutaxassisi tayyorlaydigan Konfutsiy institutlari mavjudligiga ham e’tibor qaratiladi.
– O‘zbekiston va Xitoy munosabati yuksak darajada rivojlanib boryapti. Bu jarayon strategik sheriklik munosabatini yanada mustahkamlash kafolatidir. Erishilayotgan natijalar davlatlarimiz zamonaviy tarixida yangi, yorqin sahifalar ochmoqda, – deyiladi maqolada.
B.Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA