Singapurlik mutaxassislar ishtirokida trening o‘tkazildi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida ta’lim sohasidagi xalqaro mutaxassis-ekspertlar ishtirokida trening mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Trening tadbirida maktab o‘quvchilarida tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi o‘quv topshiriqlarini tuzish, ularda tanqidiy, ijodiy, o‘ziga xos fikrlashni rivojlantirishning zamonaviy usullari xususida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berildi.
–Biz asosiy e’tiborni bolalarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratamiz, – dedi singapurlik mutaxassis Xayri Abdulloh. – Bunda ayniqsa, o‘quvchilar o‘z bilimlarini amaliy tomonidan qo‘llay olishlariga katta urg‘u beramiz.
– Bugun har jihatdan zamon bilan hamnafaslik, hamqadamlik talab etilmoqda, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Norbekova. – Bunda eng ilg‘or xorijiy davlatlarning mutaxassislari bilan pedagoglar, darslik mualliflarining o‘zaro fikr almashishiga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Xorijlik mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan Tabiiy fan mazmun-mundarijasini tashkil etuvchi o‘quv fanlaridagi integrativ yondashuv haqida batafsil fikr almashdi. O‘zaro tushunish, do‘stlik, hamkorlik, fikr almashish ruhidagi ushbu trening ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, xorijlik mehmonlar va fan mutaxassislari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida yaratilgan shart-sharoitlar hamda ta’lim jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda Tabiiy fanlarni tashkil etuvchi geografiya, kimyo, fizika, biologiya darslarini kuzatib, ushbu fanlar o‘qituvchilariga o‘zlarining kerakli metodik tavsiyalarini berib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri