Simpozium qatnashchilari – Samarqandda
Poytaxtimizda o‘tgan “Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar” mavzuidagi xalqaro simpozium ishtirokchilari 12-noyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Poytaxtimizda o‘tgan “Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar” mavzuidagi xalqaro simpozium ishtirokchilari 12-noyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Rossiya, Belgiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Misr, Malayziya, Avstraliya kabi qariyb 30 davlatning yetakchi fizik olimlari Samarqand shahridagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qilib, mustaqillik yillarida bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Mehmonlar dastlab Hazrati Xizr masjid majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilib, hurmat bajo keltirdi.
– O‘zbekistonda juda yuqori saviyada tashkil etilgan simpozium munosabati bilan bugun Samarqandda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mangu orom topgan maskanni ziyorat qilish imkoniyati yaratilganidan minnatdorman, – deydi Ozarbayjon Prezidenti huzuridagi ilmiy taraqqiyot fondi direktori Elchin Boboyev. – Islom Karimov yetuk siyosatchi, davrimizning buyuk davlat arbobi edi. Bu insonning o‘ta murakkab va tahlikali davrda O‘zbekistonni mustaqil deb e’lon qilishi va uning taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirgan buyuk islohotlari o‘zbek davlatchiligi tarixida alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirishda ham Islom Karimovning xizmatlari katta bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga sayohat davomida Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda amalga oshirilgan ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari, ilm-fan, madaniyat rivoji uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida atroflicha ma’mulot berildi.
– O‘zbekiston davlatchiligi, ilm-fani va madaniyati tarixi men o‘ylaganimdan ham boy va uzoq o‘tmishga ega ekan, – deydi Yaponiyadagi Keyo universiteti professori Flachi Antonino. – Yaponiyada faoliyat yuritsam-da, asli italiyalikman. Bizda ham tarixiy-me’moriy obidalar juda ko‘p. Samarqanddagi tarixiy binolar, yodgorliklar arxitekturasi Sharq xalqlari an’analarini aks ettirishi bilan birga, mahalliy aholi madaniyati, e’tiqodi, turmush tarzining uyg‘unligi bilan ajralib turar ekan.
Samarqand shahrining qariyb uch ming yillik tarixiga oid noyob eksponatlarga ega “Afrosiyob” muzeyi, bir necha din vakillarining muqaddas ziyoratgohiga aylangan Xo‘ja Doniyor majmuasi, dunyoga mashhur Registon maydoni va boshqa maskanlar bilan tanishuv ham xorijlik olimlarda katta taassurot qoldirdi. Milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi va turli millatlar kuy-qo‘shiqlaridan tuzilgan konsert dasturi ham mehmonlarga manzur bo‘ldi.
– Ko‘chalari ravon, bahavo va ozoda, tarixiy yodgorliklarga boy qadimiy Samarqand meni hayratga soldi, – deydi Ekol Normal de Lion Fizika laboratoriyasi direktori Terri Dauksois (Fransiya). – Men shahar tarixiga oldindan qiziqib, bu borada ko‘p ma’lumotlar to‘plaganman. Ayniqsa, “Afrosiyob” muzeyidagi ashyolarni tomosha qilishni orzu qilardim. Xalqaro simpozium sabab orzuim ushaldi. Muzeydagi eksponatlar shaharning tadrijiy rivojlanish bosqichlari va olis moziy manzaralarini ko‘z oldingizda namoyon etadi. Ajdodlaringiz barpo etgan muhtasham obidalarni tomosha qilib, Samarqand haqidagi bilimlarim yanada boyidi.
– Samarqandga tashrifim shunisi bilan unutilmas bo‘ldiki, men Ulug‘bek rasadxonasida o‘zim uchun astronomiya tarixida kashfiyotga erishdim, – deydi Bavariya fan akademiyasi prezidenti Xoffmann Karl Xeyns (Germaniya). – Ajdodlaringiz tomonidan o‘rta asrlardayoq osmon jismlariga oid chiqarilgan xulosalar bugungi fan xulosasi bilan bir xil. Holbuki, bugungi zamonaviy texnologiyalar bilan o‘sha davrning uskunalarini solishtirib bo‘lmaydi. Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan falakni kuzatish uskunasi bundan mustasno, albatta. Umuman, bu rasadxona mo‘jizaning o‘zi.