“Silk Road Uzbekistan” bahorgi mavsumi yakunlandi
Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarni sportga keng jalb etish va ommaviy sport harakatini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida sport bilan uyg‘unlashgan qator yirik loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri bo‘lgan “Silk Road Uzbekistan” loyihasi aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni ommalashtirish hamda mamlakatning sport va turizm salohiyatini namoyon etishga xizmat qilmoqda.

Shu kunlarda dunyoning 28 davlatidan tashrif buyurgan 20 ming nafardan ortiq ishtirokchini birlashtirgan “Silk Road Uzbekistan” bahorgi turkumi o‘z yakuniga yetdi. Bir necha oy davomida Nukus, Samarqand, Buxoro, Toshkent va Qo‘qon shaharlari yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, ommaviy sport, ochiq ijtimoiy muloqot va zamonaviy sog‘lom turmush tarzi madaniyatini rivojlantirish markazlariga aylandi.
“Silk Road Uzbekistan” oddiy ommaviy yugurish musobaqalari turkumidan ancha keng qamrovli loyihaga aylangan. U mamlakatdagi eng yirik sport harakatlaridan biri sifatida jismoniy faollikni ommalashtirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom jamiyatni shakllantirishga qaratilgan davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bunday loyihalar aholining turli qatlamlarini yagona maqsad atrofida birlashtirib, sport madaniyatini shakllantirish bilan birga ijtimoiy faollikni ham oshiradi.
Jumladan, 17-may kuni poytaxtimizda 5 mingdan ziyod ishtirokchini birlashtirgan “Silk Road Tashkent” va “Talaba yugur” ommaviy sport festivallari bo‘lib o‘tdi. Unda professional va havaskor sportchilar, talabalar, yugurish ishqibozlari, oilalar hamda xorijiy davlatlardan kelgan mehmonlar qatnashdi. Bu esa ommaviy sport nafaqat sportchilar, balki keng jamoatchilik hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.

Yengil atletika bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi III Markaziy Osiyo chempionati bahorgi mavsumning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Musobaqa Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi”da joylashgan yangi “Olympic” stadionida ilk bor tashkil etildi. Turnir mazkur arenada o‘tkazilgan birinchi yirik xalqaro yengil atletika musobaqasi sifatida O‘zbekistonning zamonaviy sport infratuzilmasi tarixida yangi sahifa ochdi.
Alohida ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo chempionati bahslari xalqaro standartlarga javob beradigan sertifikatlangan “MONDO” yengil atletika yo‘lakchasida o‘tkazildi. Jahon darajasidagi qoplamadan foydalanish sportchilarga yuqori natijalar qayd etish imkonini berdi. Eng muhimi, mazkur musobaqa O‘zbekistonning xalqaro darajadagi nufuzli sport tadbirlarini yuqori saviyada qabul qilish salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Darhaqiqat, “Olimpiya shaharchasi” va undagi “Olympic” stadioni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Bugungi kunda respublikada ham professional sport, ham ommaviy sport harakatini yanada rivojlantirish uchun xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy sport infratuzilmasi bosqichma-bosqich yaratilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom jamiyatni shakllantirish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Shu bois mamlakatimizda fuqarolar uchun yangi sport inshootlari, jamoat joylari, istirohat bog‘lari va yugurish yo‘laklari barpo etilmoqda. “Silk Road Uzbekistan” kabi loyihalar esa mazkur islohotlarning amaliy natijasini yaqqol namoyon etmoqda.

Mavsumning yakuniy bosqichi 24-may kuni qadimiy Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan “Silk Road Kokand” xalqaro yarim marafoni bo‘ldi. Farg‘ona vodiysining eng go‘zal shaharlaridan birida 4 mingdan ortiq kishi startga chiqdi. Yarim marafon yo‘nalishi Xo‘doyorxon saroyi yaqinidagi markaziy ko‘chalar va tarixiy hududlar orqali o‘tib, ishtirokchilarga Buyuk Ipak yo‘lining qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Qo‘qonning boy madaniy merosi bilan tanishish imkonini berdi. “Silk Road Uzbekistan”ning o‘ziga xos jihatlaridan biri, sport va turizmni samarali uyg‘unlashtira olganida ko‘rinadi.
Ishtirokchilar musobaqalarga nafaqat sport natijalari uchun, balki O‘zbekiston shaharlarining tarixi, madaniyati va zamonaviy hayoti bilan tanishish maqsadida ham tashrif buyurmoqda. Bu esa mamlakatning turizm salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, hududlarning iqtisodiy faolligini oshirish va milliy brendni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Silk Road” bahorgi turkumining umumiy sovrin jamg‘armasi 429 million so‘mni tashkil etdi. Yarim marafon, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi 5 hamda 10 kilometrlik masofalarda g‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. “Kids Run” bolalar startlari g‘oliblariga tashkilotchilar va loyiha hamkorlari tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
2024-yildan boshlab respublikaning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan “Talaba yugur” loyihasi ham turkumning muhim qismiga aylandi. Bugungi kunda u O‘zbekistonda zamonaviy talabalar sport madaniyatini shakllantirishga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Ushbu ommaviy tadbirlar doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar, professional sportchilar va havaskorlarni bir masofada birlashtirgan “Inson uchun” inklyuziv startlari ham alohida ahamiyat kasb etdi. Qo‘llab-quvvatlash, e’tibor va har bir ishtirokchi uchun teng imkoniyatlar yaratish loyihaning asosiy qadriyatlariga aylandi. “Inson uchun” ommaviy yugurish musobaqalari ramziy bir kilometr masofada o‘tkazildi. Sovrin jamg‘armasi to‘rt toifa bo‘yicha taqsimlanib, birinchi o‘rin sohiblariga 3 million so‘m, ikkinchi o‘rin egalariga 2 million so‘m, uchinchi o‘rin sohiblariga esa 1 million so‘mdan mukofot puli topshirildi.
Turkum Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etildi.
“Silk Road Uzbekistan” nafaqat sport tadbiri, balki mamlakatning xalqaro imijini mustahkamlash, turizmni rivojlantirish, yoshlar siyosati samaradorligini oshirish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilayotgan muhim ijtimoiy loyihadir.
“Silk Road Uzbekistan”ning navbatdagi bosqichi 13-sentabr kuni Xiva shahrida bo‘lib o‘tadi. Kuzgi mavsum ham mamlakatdagi eng yirik ommaviy sport harakatlaridan biri sifatida yanada ko‘proq ishtirokchilarni birlashtirishi, ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasidagi ezgu maqsadlarga xizmat qilishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA