Sifatsiz gaz savdosiga chek qo‘yildi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ichki bozorda sifatli neft mahsulotlari aylanmasini ta’minlash hamda davlat standartlari talablariga qat’iy rioya etilishini nazorat qilish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan mahsulot sifati nafaqat transport vositalarining texnik holati, balki insonlar xavfsizligi va atrof-muhit muhofazasi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bu sohada nazorat tadbirlari muntazam ravishda kuchaytirilmoqda.
Ana shunday nazorat tadbirlaridan biri davomida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Buxoro tumanida joylashgan “A. G. S.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur shoxobchada sotuvga chiqarilgan suyultirilgan uglevodorod gazi amaldagi davlat standartlari talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa iste’molchilarga sifatsiz mahsulot yetkazib berilayotganini anglatadi.
Qonun talablarini buzganlik uchun mas’ul korxonaga sotilgan neft mahsuloti qiymatining 50 foizi miqdorida 36 million 900 ming so‘m jarima qo‘llanildi.
Bundan tashqari, shoxobchada qoldiq sifatida saqlanayotgan sifatsiz neft mahsulotlarini sotuvga chiqarmaslik, ularning sifatini belgilangan talablar darajasiga qayta tiklash hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA