Sifatli mahsulotning xaridori ko‘p bo‘ladi
Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi “SHANGFENG-BRIDGE OF FRIENDSHIP” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan sement mahsuloti qisqa fursat ichida ichki va tashqi bozorda xaridorlarini topdi.
Gap shundaki, joriy yilning aprel oyida ish boshlagan korxona yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni asosiy maqsad sifatida belgilagan.

Bugun O‘zbekistonga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan kompaniya va investorlar juda ko‘p. Xususan, Xitoy bilan barcha sohalarda hamkorlikning ko‘lami kengayib borayotganini alohida ta’kidlash lozim. Andijon viloyatida ham xitoyliklar bilan hamkorlikda ko‘plab korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xitoyning “CONCH” korporatsiyasi yurtimizning turli hududlarida istiqbolli va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Mazkur kompaniya 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lib, sement ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinda turadi. Faoliyati ko‘p tarmoqli bo‘lib, sement, kimyoviy materiallar, chiqindilarni qayta ishlash, yuk tashish, qurilish sohasi kabi ko‘plab yo‘nalishlarda ishlaydi. “CONCH” korporatsiyasining 500 dan ortiq sho‘’ba korxonasi mavjud. O‘zbekiston, Indoneziya, Laos, Myanma, Kambodja va boshqa mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatadi.

Buloqboshida qurilgan uchinchi zamonaviy va aqlli sement zavodi kompaniyaning O‘zbekistondagi asosiy investitsiya loyihasidir. Loyihaga 260 million AQSH dollaridan ziyod sarmoya kiritilgan. E’tiborli jihati, korxonada dunyodagi eng ilg‘or, atrof-muhitni muhofaza qiluvchi va energiya tejovchi ishlab chiqarish texnologiyalari o‘rnatilgan. Uning yillik quvvati 2,5 million tonna 400 dan 700 markagacha sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Loyihaning eksport salohiyati yiliga 10 million dollarni tashkil etadi. Korxonada 750 ta ish o‘rni yaratildi. Zavod uchun jami 74 gektar yer maydoni ajratilgan.
Korxona mahsulotlari ichki ehtiyojni qoplash bilan birga qo‘shni Qirg‘iz Respublikasiga ham eksport qilinmoqda.

– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilish sanoati jadal rivojlanmoqda, – deydi qo‘shma korxona rahbari Chjao Veysyan. – Shu bois qurilish materiallariga talab ham ortgan. Bizning investitsiya loyihamiz ana shu jihatlarni e’tiborga olgan holda amalga oshirildi. Eng so‘nggi texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etdik. Shu bilan birgalikda sohaga zamonaviy energiya tejovchi uskunalarni o‘rnatganimiz mahsulot tannarxiga ham ta’sir qilyapti. Korxonamizda issiqlik chiqindisini qayta ishlab, elektr-energiya sarfining 45 foizi qoplanishiga erishilyapti. Kelgusida “yashil energiya” sohasini joriy etishda ko‘plab ishlarni rejalashtirganmiz. Bu korxonaning davlatdan olayotgan elektr-energiyasining qisqarishi hamda mahsulotimizning arzon bo‘lishiga xizmat qiladi.
Albatta, xitoyliklar bilan hamkorlik birgina loyiha bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Joriy yilning boshida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi davomida yangi kelishuvlarga erishildi. Xitoylik hamkorlar bilan uchrashuvda Buloqboshi tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish bo‘yicha 300 million dollarlik kelishuv imzolandi.

Loyihada yillik 18 million kvadrat metr keramogranit, 750 ming tonna ohak, 100 million dona polipropilen qop ishlab chiqariladi. Shuningdek, 300 ta yuk mashinalari bilan xizmat ko‘rsatuvchi logistika xizmati tashkil etiladi. Loyiha ishga tushishi natijasida Buloqboshi tumanida 2 ming 180 ta ish o‘rni yaratiladi.
O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar ularni yangi tashabbuslarga, loyihalarga undamoqda. Qurilish sohasiga yo‘naltirilayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar esa raqobatbardosh va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilayotgani bilan muhim o‘rin tutmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri