Sifatli mahsulotlar – ichki va tashqi bozorlarga
Sirdaryo viloyatida 2009 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston – Xitoy “Peng-Sheng” qo‘shma korxonasining asosiy faoliyati xalq iste’moli tovarlarini ishlab chiqarish, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga sotishdan iborat.
Korxonada yirik shoxli qoramol terisi qayta ishlanib, tayyor tabiiy teri mahsulotlari, bir necha turdagi zamonaviy qurilish materiallari (devor va pol uchun kafel, keramik plitalar) bilan birga teriga qayta ishlov berilib, oqsil qismidan jelatin, shuningdek, santexnika mahsulot turlari, ayollar poyabzali hamda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, korxonada paxta chigitini plyonka ostiga ekish uchun mo‘ljallangan 4 va 6 qatorli seyalkalar yig‘ilmoqda, marmar toshlar qayta ishlanib, jilo va shakllar berilib, 40 xildan ziyod mahsulotlar tayyorlanib, qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, shuningdek, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda. Hozir yillik eksport hajmi 35 million dollardan ortiqni tashkil etadi.
[gallery-15598]
Bugungi kunda qo‘shma korxonada jami 2000 nafarga yaqin ishchi mehnat qiladi. Ulardan 1800 nafari mahalliy aholi vakillari bo‘lib, ishchilarning 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil qiladi. Yaqinda korxonada 2 ta yangi investitsion ishlab chiqarish loyihasi ishga tushish arafasida turibdi. Bu loyiha ishga tushgach, mahsulot turlari soni ortadi va yuzdan ziyod doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.
Eksportchilarni imtiyozli kreditlar bilan ta’minlash, korxonaga Yevropada ishlab chiqarilgan kimyoviy moddalar va bo‘yoqlarni xarid qilish imkoni yaratildi. 2017 yilda korxona jami 4,3 million dollarlik eksport qilgan bo‘lsa, u davrda tayyor charm umuman yo‘q edi. 2023 yilda jami 14 million dollarlik eksportdan 63 foizini tayyor charm mahsuloti tashkil qildi.
Bundan tashqari, korxona tomonidan O‘zbekiston hududidagi 30 dan ortiq poyabzal va charm-attorlik buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga tayyor charm yetkazib berilib, ishchi-xodimlar o‘z navbatida ichki bozorga hamda eksportga poyabzal yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.
Korxonada 2010 yildan beri teri xomashyosini qayta ishlash ham yo‘lga qo‘yilgan. Eksportchilarni imtiyozli kreditlar bilan ta’minlash Yevropada ishlab chiqarilgan kimyoviy moddalar va bo‘yoqlarni xarid qilish imkonini berdi. Buning natijasida ishlab chiqarilayotgan charmlar eng yuqori standart talablariga javob bermoqda. Korxona rahbariyati “O‘zcharmsanoat” uyushmasi ko‘magida Shanxay, Milan, Moskva shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib, tayyor charm eksporti bo‘yicha shartnomalar imzolagan.
Kelishuvga binoan O‘zbekiston hududidagi 30 dan ortiq poyabzal va charm-attorlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi korxonaga “Peng-Sheng”dan tayyor charm yetkazib beriladi. Korxonaning asosiy maqsadi yuqori qiymatli tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport salmog‘ini keskin oshirishdir.
Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari