Shvetsiya elchisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Shvetsiya Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida) Ingrid Tersmanni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlanayotgani munosabati bilan qabul qildi.
Uchrashuv chog‘ida A. Komilov elchining O‘zbekiston – Shvetsiya munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlashga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi.
So‘nggi yillarda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar sezilarli darajada faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Stokgolm shahrida ochilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston elchixonasi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, I.Tersman o‘z faoliyati davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq islohotlariga guvoh bo‘lganini bildirdi.
Shvetsiya elchisi mamlakatimizda missiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik izhor etdi.
O‘zA