Shunday mo‘’tabarsan, mo‘’tabar ayol!
Yurtimizga bahorni xushkayfiyat ila yetaklab kiradigan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni go‘yo ona tabiatdagi uyg‘onish va yasharish asnosida qizlar, ayollardagi go‘zallik va latofat, baxt va barkamollik uyg‘unlashib ketganday tuyuladi.
Bayram munosabati bilan Namanganda yashab, mehnat qilayotgan, o‘qishda va ishda boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan, el-yurtning shon-sharaf timsoliga aylangan faol xotin-qizlar viloyat musiqali drama teatriga taklif etildi.

“Ayolni e’zozlagan yurt – ravnaq topadi” shiori ostidagi tantanali tadbirda qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni baxt va bahor ayyomi bilan qizg‘in tabrikladi. Barcha sohalarda erishilayotgan ulkan yutuqlarda xotin-qizlarning hissasi beqiyosligini ta’kidladi.


Tantanali marosimda aql va tafakkuri, kuch va g‘ayrati bilan Vatanimiz obodligi va rivojida katta tayanch bo‘layotgan 30 nafar ayolga viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari hamda 18 nafar onalarga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishon va mukofotlar taqdim etildi.

Tadbirda O‘zbek milliy akademik drama teatrining bir guruh san’atkorlari ijrosidagi badiiy-musiqiy ijrolar olqishlar bilan kutib olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA