Shoir, tarjimon, pedagog
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoir, tarjimon va pedagog Shermurod Subhon tavalludining 60 yilligi munosabati bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Shermurod Subhonning o‘zbek adabiyoti, ayniqsa zamonaviy she’riyat va tarjimachilik sohasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi haqida so‘z yuritildi. So‘zga chiqqanlar ijodkorning ko‘p qirrali faoliyati, uning milliy va jahon adabiyoti o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik yaratishdagi xizmatlari haqida batafsil gapirdi.
Adabiyotshunoslar fikricha, Shermurod Subhon ijodi zamonaviy o‘zbek adabiyotida o‘zining modernistik yo‘nalishi va o‘ziga xos tadqiqotchilik ruhi bilan ajralib turadi. Shoir she’rxonga aql o‘rgatishi emas, balki uni o‘z ko‘ngil holati va ichki kechinmalari bilan tanishtirishni maqsad qiladi. Uning she’rlarida inson ruhiyatidagi nozik o‘zgarishlar timsol va ramzlar orqali ifodalanadi.
Ijodkorning mehnat faoliyati ta’lim va ommaviy axborot sohalari bilan uzviy bog‘liq. U 1997–2006-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida turk tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. 2007–2018-yillarda “Guliston” ijtimoiy-madaniy jurnalida muharrir, bo‘lim muharriri, mas’ul kotib hamda bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida samarali ishlagan.
[gallery-28739]
Shuningdek, 2020-2022-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida, 2022-2023 o‘quv yilidan esa mazkur oliy ta’lim muassasasining “Turk filologiyasi” kafedrasida faoliyat olib borgan. Ayni paytda u O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti xorijiy tillar kafedrasida turk tili o‘qituvchisi sifatida mehnat qilmoqda.
Tadbir davomida Shermurod Subhonning boy ijodiy merosi, xususan, uning she’riy to‘plamlari, adabiy-tadqiqot ishlari va tarjimalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Uning “O‘zbek modern she’riyati”, “She’riyat iqlimi”, “Sokin so‘z suvrati”, “Sukunatning sassiz sadosi” kabi asarlari zamonaviy o‘zbek she’riyati rivojida muhim o‘rin tutadi.
Shu bilan birga, ijodkorning tarjimachilik faoliyati alohida e’tirof etildi. U turk va jahon adabiyotining qator namoyandalari asarlarini o‘zbek kitobxoniga taqdim etgan. Jumladan, Mehmet O‘nderning “Mavlono” asari, Xayrettin Ivginning “Manas” romani hamda Mehmet Fuad Ko‘pruluning “Turk adabiyotida ilk mutasavviflar” kabi muhim asarlarning tarjimalari adabiy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Shermurod Subhonning nafaqat ijodkor, balki fidoyi ustoz sifatida ham ko‘plab shogirdlar tayyorlaganini alohida ta’kidladi. Uning ta’lim sohasidagi faoliyati yosh avlodni til o‘rganish, jahon adabiyotini chuqur anglash va tarjimachilik san’atini egallashga undab kelmoqda. Ijodiy uchrashuv davomida shoirning she’rlaridan namunalar o‘qildi, tarjimalaridan parchalar keltirildi hamda ishtirokchilar tomonidan qiziqarli mulohazalar bildirildi.
Tadbir samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shermurod Subhon — zamonaviy o‘zbek adabiyotining yetuk ijodkorlaridan biri, shoir, tarjimon va pedagog sifatida milliy madaniyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Hozirda turkiy adabiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida faol ijod qilib kelmoqda.
Uchrashuv davomida Shermurod Subhon ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA muxbirlari