Shohsanam Toshpo‘latova finalga yo‘l oldi
Fransiya mamlakati mezbonlik qilayotgan Paralimpiya o‘yinlarining bugungi kunida para yengil atletika va para suzish bahslarida vakillarimiz ishtirok etmoqda.
“Parij-2024” musobaqalarining S13 klassida 200 metr masofaga kompleks usulda suzish bahslarida Shohsanam Toshpo‘latova final bosqichiga yo‘l oldi.
Para suzuvchimiz mazkur musobaqaning saralash bosqichida marraga 2 daqiqa 31 soniyada yetib keldi.
Endi Shohsanam suzish bellashuvlarining kechki dasturida mamlakatimiz vaqti bilan soat 23:04da Paralimpiya medallari uchun kurash olib boradi.

Ushbu yo‘nalishdagi erkaklar bahsida esa afsuski Firdavsbek Musabekov, Muzaffar Tursunxo‘jayev va Dmitriy Xorlin kabi para suzuvchilarimiz saralash bosqichidan o‘ta olmadi.
Para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida nayza uloqtirish (F56) bellashuvlarida hamyurtimiz Natalya Semyonova final bosqichida 16.96 metr natija ko‘rsatib, musobaqani 9-o‘rinda yakunladi.

Erkaklar o‘rtasida T36 klassida 400 metr masofaga yugurish bahslarida esa yana bir para atletimiz Izzat Turg‘unov 1 daqiqa 04.31 soniya natija qayd etib, 7-o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda mamlakatimiz paralimpiyachilari 6 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida 9-o‘rinda bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA