Shohruhxon polvon — Osiyo o‘yinlari g‘olibi
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlari mezbonlik qilayotgan XX Osiyo o‘yinlarining bugungi dasturidan o‘rin olgan kurash musobaqalarida vakillarimiz 2 ta oltin va 1 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Xususan, +90 kilogramm vazn toifasida bahs olib borgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Shohruhxon Baxtiyorov final bosqichida Tojikiston vakili Shakarmamad Mirmamadovga qarshi raqobatlashdi. Unda polvonimiz 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. Bu muvaffaqiyat delegatsiyamizga 10-oltin medalni taqdim etdi.
Darvoqe, ushbu vazn toifasida yana bir vakilimiz Bekmurod Oltiboyev bronza medalga sazovor bo‘ldi. Ayollar o‘rtasidagi -57 kilogramm vaznda esa Ibodatxon Agojonova barcha raqiblarini mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 10 ta oltin, 17 ta kumush va 10 ta bronza, jami 37 taga yetdi. Delegatsiyamiz umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA