Shofirkonda yangi tibbiyot maskani ochildi
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida zamonaviy andozadagi tibbiyot birlashmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Ochilish tadbirida respublika sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari, tuman hokimi Alisher Fayzilloyev va boshqa mas’ullar, tibbiyot birlashmasi xodimlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yangi tibbiyot birlashmasi binosi besh qavatdan iborat bo‘lib, 270 o‘ringa mo‘ljallangan. Binoda zamonaviy laboratoriyalar, tibbiy diagnostika xonalari, reanimatsiya va jarrohlik bo‘limlari, bemorlar uchun shinam palatalar, shifokorlar uchun barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan ish xonalar mavjud.
Qiymati 47 milliard 335 million so‘mlik loyiha doirasida barpo qilingan inshoot yerto‘lasida yordamchi bo‘limlar, birinchi qavatda qabul va diagnostika bo‘limlari, raqamli rentgen, MRT, MSKT tekshiruvlari joylashtirilgan. Ikkinchi qavatda 17 o‘rinli anesteziologiya-reanimatsiya, 10 o‘rinli shoshilinch jarrohlik, 15 o‘rinli rejali jarrohlik, 15 o‘rinli otoloringologiya bo‘limlari tashkil etilgan.

Tantanali tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri va boshqa mutasaddilar yangi binoda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi. Ular tibbiy uskunalarning sifati, xizmat ko‘rsatish tizimi, xodimlar uchun yaratilgan qulayliklar bo‘yicha mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Tadbirda tibbiyot birlashmasining barpo etilishida munosib hissa qo‘shgan quruvchilar, muhandis va loyiha rahbarlariga minnatdorlik bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.