Shofirkon tumanidagi mahallalarda duv-duv gap
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida “Keksalar haftaligi” doirasida “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi asosida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda
Mamlakatimizda yurtboshimiz tashabbusi bilan keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va oilalarda tinchlikni ta’minlash, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shofirkon tumani “Tezguzar” mahalla fuqarolar yig‘inida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Mahallada duv-duv gap” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbirda shu haqida so‘z bordi.


Tumanning Mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvvatlash, Oila va xotin-qizlar, madaniyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbir doirasida mahallada yashovchi nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari D.G‘afforova, Oila va xotin-qizlar tuman bo‘limi rahbari T.Yo‘ldosheva, tuman hokimi maslahatchisi Sh.Obloqulova, IIB xodimasi G.Ochilova, "Buvijonlar maktabi"ning tuman rahbari R.Shoyeva, tumandagi "Oqila ayollar" harakati yetakchisi D.Sattorova hamda "Tezguzar" mahallasi faollari ishtirok etdi.

Tadbir yakunida nuroniylar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj yakka yolg‘iz keksalarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limining esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, mahalladagi tashabbuskor homiylar tomonidan ham faol va jamoatchi nuroniylar e’tirof etildi. Tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlar qalbiga zavq-shavq ulashildi.
Nilufar Bozorova,
O‘zA