Shirinda kelajak energetiklari tayyorlanmoqda
Shirinda tun chiroqlari odatdagidan biroz boshqacha ma’no kasb etadi. Bu yerda yoqilgan har bir chiroq ortida energetiklarning mashaqqatli mehnati, yirik stansiyalarning ulkan quvvati va eng muhimi, shu tizimni ertaga boshqaradigan yosh mutaxassislarning orzulari bor.
Shaharni bejizga «energetiklar shahri» deb atashmaydi. Bu yerda mamlakatimiz energetika tizimining muhim tayanch korxonalari – «Sirdaryo» issiqlik elektr stansiyasi, «Farhod» gidroelektr stansiyasi hamda zamonaviy «ACWA Power Sirdarya» issiqlik elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda shahar va uning atrofida yangi energetika quvvatlarini barpo etishga qaratilgan yirik loyihalar ham izchil davom etmoqda.
Biroq Shirinning energetika sohasidagi o‘rni faqat elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan cheklanmaydi. Bu yerda mamlakat energetikasi uchun yana bir muhim salohiyat – zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, nazariy bilimni amaliyot bilan uyg‘unlashtira oladigan va ishlab chiqarish jarayonida mustaqil qaror qabul qilishga tayyor yangi avlod mutaxassislari ham shakllanmoqda.
Bu vazifani zimmasiga olgan ta’lim dargohlaridan biri – Shirin energetika texnikumi.
Bugun ushbu texnikumda 640 nafar yosh tahsil olmoqda. Ularning har biri uchun tanlangan kasb shunchaki diplom olish yoki mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish vositasi emas. Bu kasblar mamlakat energetika tizimining bugungi va ertangi ehtiyojlari bilan bevosita bog‘liq.

Zero, energetika sohasi misli ko‘rilmagan sur’atlarda yangilanmoqda. Yangi issiqlik elektr stansiyalari barpo etilmoqda, mavjud quvvatlar modernizatsiya qilinmoqda, quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonlariga raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari va zamonaviy uskunalar tobora keng joriy etilmoqda.
Bunday sharoitda energetikaning kelajagini faqat yangi stansiyalar va zamonaviy texnologiyalar bilan tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularni boshqaradigan, sozlaydigan, texnik xizmat ko‘rsatadigan, xavfsiz va samarali ishlashini ta’minlaydigan malakali kadrlar ham zarur.
Shu ma’noda, Shirin energetika texnikumidagi har bir auditoriya, laboratoriya va amaliy mashg‘ulot ortida katta maqsad mujassam.

Joriy yilning 27-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi kelgusi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning keyingi bosqichida kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda energetika sohasida katta islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Qonun va qarorlar qabul qilinib, xususiy sektor hamda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Prezident investorlar bilan bir necha bor shaxsan uchrashib, ularning takliflarini eshitgani, yirik loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoit va kafolatlar yaratilganini qayd etdi.
Natijada energetika sohasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, hududlarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt bo‘lgan elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu generatsiya bo‘yicha ichki ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradigan yangi quvvatlarni shakllantirdi.

So‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash uchun 30 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu oldingi 25 yilda shu maqsadlarga sarflangan mablag‘dan qariyb olti barobar ko‘pdir.
Biroq yangi stansiyalar qurilishi, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va investitsiyalarni jalb etish bilan islohotlar yakunlanmaydi. Endi ularni harakatga keltiradigan, zamonaviy energetika talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Prezident iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun barcha sohalarda, xususan, energetikada zamonaviy kadrlar zarurligini alohida ta’kidladi.
Bugun 25 ta texnika oliygohida yiliga 5,5 ming nafar mutaxassis tayyorlanayotgani qayd etilar ekan, ta’limning amaliyot bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli bitiruvchining mustaqil ishlab ketishiga ikki-uch yil vaqt sarflanayotgani tanqid qilindi.
Bu esa kasbiy ta’lim oldiga mutlaqo yangi talabni qo‘yadi: yosh mutaxassis mehnat bozoriga diplom bilan emas, kasbiy mahorati va amaliy ko‘nikmasi bilan kirib borishi kerak.
Shu bois mas’ullarga ta’lim dasturlarini to‘liq yangilash, laboratoriya va poligonlarni zamonaviy talablarga moslashtirish, yoshlarni ishlab chiqarish jarayoniga ertaroq jalb etish hamda dual ta’limni kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Aslida, Shirin energetika texnikumida bu yondashuv ta’lim jarayonining asosiy tamoyillaridan biriga aylangan.
Texnikum Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy o‘quv va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Bu yerda har yili 220 nafar yoshni energetika sohasining yangi kasblariga tayyorlash imkoniyati yaratilgan.

Ta’lim muassasasida, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energetika yo‘nalishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar bug‘-gaz qurilmalarini ishlatish, quyosh va shamol elektr stansiyalariga texnik xizmat ko‘rsatish, elektromontaj kabi zamonaviy kasblarni egallamoqda.
Bular shunchaki o‘quv dasturidagi kasblar emas. Ular mamlakatimiz energetikasida yaqin yillarda talab yuqori bo‘ladigan mutaxassisliklardir.
Chunki energetika tizimi o‘zgarmoqda. Kecha asosiy e’tibor elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga qaratilgan bo‘lsa, bugun samaradorlik, tejamkorlik, ekologik barqarorlik, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish masalalari ham birinchi o‘ringa chiqmoqda.
Shirin energetika texnikumida tayyorlanayotgan yoshlar ana shu yangi energetika davrining mutaxassislari bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi, bu yerda mutaxassislar shunchaki nazariy bilim asosida tayyorlanmayapti. Ta’lim jarayoni ish beruvchilarning aniq ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Korxonalarga qanday mutaxassis kerak bo‘lsa, o‘quv jarayonida ana shu talablarga mos bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga e’tibor berilmoqda.

– Bugun yurtimizda energetika sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyalari va boshqa energetika ob’ektlari barpo etilmoqda. Ana shu korxonalar uchun yetuk, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashni o‘z oldimizga asosiy vazifa qilib qo‘yganmiz.
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ham 100 nafardan ortiq yosh texnikumimizda tahsil olmoqda. U yerda ham energetika sohasida yangi korxonalar barpo etilmoqda. Biz ana shu korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, ular uchun ham zamonaviy mutaxassislar tayyorlayapmiz.
Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim va ishlab chiqarishni yaqinlashtirish, yoshlarni kasbga tayyorlash uchun zarur imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Biz ham ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilyapmiz. Maqsadimiz respublikada qurilayotgan yangi energiya ishlab chiqarish korxonalariga yetuk, amaliy ko‘nikmaga ega mutaxassislarni yetkazib berish, – deydi Shirin energetika texnikumi direktori Alfarobiy Xusanov.
Bu fikrlarda ta’lim muassasasining bugungi vazifasi ham, ertangi maqsadi ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Darhaqiqat, texnikumda ta’lim jarayoni «diplom uchun o‘qish» tamoyilidan uzoqlashib, aniq mehnat bozori talablariga moslashmoqda.
Bu yerda yoshlarga nafaqat kasb, balki kasbga munosabat, mas’uliyat va ishlab chiqarish madaniyati ham o‘rgatilmoqda. Chunki energetika sohasida bitta xato nafaqat ish jarayoniga, balki butun tizimning barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois bu yo‘nalishda bilim bilan bir qatorda intizom, aniqlik, ehtiyotkorlik va mas’uliyat ham muhim.
Bugun texnikumda tahsil olayotgan 640 nafar yoshning har biri o‘z kasbiy kelajagi uchun muhim poydevor yaratmoqda. Ular orasida nafaqat Sirdaryo viloyati, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlardan kelib tahsil olayotgan yoshlar ham bor. Bu esa Shirin energetika texnikumining respublika miqyosida kadrlar tayyorlaydigan ta’lim maskani sifatidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Ayniqsa, Qoraqalpog‘istondan 100 nafardan ortiq yoshning bu yerda tahsil olayotgani e’tiborli. Chunki u yerda ham energetika sohasida yangi korxonalar va loyihalar amalga oshirilmoqda. Demak, Shirinda olinayotgan bilim va ko‘nikmalar ertaga nafaqat Sirdaryo, balki mamlakatning turli hududlaridagi energetika ob’ektlarida qo‘llaniladi.
Bu yerdagi ta’limning yana bir muhim jihati yoshlarning kelajakdagi ish joyi bugundan ko‘zda tutilayotganidir. Ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish, ularning talablarini o‘rganish va shu asosda mutaxassis tayyorlash yoshlarning o‘qishdan keyin ishga moslashish davrini sezilarli qisqartiradi.

Zamonaviy energetika esa bunday mutaxassislarga tobora ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari, elektr transport vositalari uchun zaryadlash infratuzilmasi, raqamli boshqaruv texnologiyalari — bularning barchasi yangi bilim va kasbiy ko‘nikmalarni talab etadi.
Yaqin yillarda energetika tarmog‘ida aynan shu yo‘nalishlarda minglab mutaxassislarga ehtiyoj paydo bo‘lishi kutilmoqda. Demak, bugun texnikumda o‘qilayotgan kasblar ertangi mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda tanlanmoqda.
Shirinda tayyorlanayotgan yoshlar ana shu o‘zgarishlarning bevosita ishtirokchilari bo‘ladi. Ular ertaga zamonaviy issiqlik elektr stansiyalarida, qayta tiklanuvchi energiya ob’ektlarida, yangi generatsiya quvvatlarida va elektr tarmoqlarida mehnat qilishi mumkin. Eng muhimi, ular bu jarayonga tayyor holda kirib boradi. Chunki ta’lim jarayonining o‘zidayoq nazariya va amaliyot uyg‘unlashtirilmoqda.
Texnikum o‘quvchilarining xalqaro maydondagi yutuqlari ham bu boradagi ishlar samarasini ko‘rsatmoqda. Iqbolmirzo Abdusamadovning Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududida o‘tkazilgan III Kasbiy mahorat musobaqasida ishtirok etib, «Kasbiy mahorat do‘stligi yulduzi» maxsus mukofotiga sazovor bo‘lgani shunday natijalardan biridir.
Biroq Iqbolmirzoning bugungi natijasi bir kunda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat emas. Uning ortida izlanish, mashq, mehnat va o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbat bor.

– 2025-yil iyul oyida Janubiy Koreyaning janubida joylashgan Kojedo orolida tayyorgarlik yig‘inida ishtirok etdik. Noyabr oyining oxiriga qadar tayyorgarlik ko‘rib, payvandlash bo‘yicha musobaqada qatnashdik. Tanlov natijalariga ko‘ra, «Best of Nation», ya’ni «Millat faxri» nominatsiyasi va medali bilan taqdirlandim.
Saudiya Arabistonida payvandlash bo‘yicha ko‘rsatgan natijalarim uchun ham munosib sovg‘alar bilan taqdirlandim. Bu yil «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» respublika musobaqasining respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli I o‘rinni egalladim.
Shuningdek, Xitoyning Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan III milliy musobaqada mehmon sifatida ishtirok etib, yuqori natijalarni ko‘rsatdim. «Friendship Skills Star», ya’ni «Do‘stlik yulduzi» maxsus medali bilan taqdirlanib, Vatanimizga qaytdik.
Eng katta maqsadimiz esa Shanxay shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etib, unda ham birinchi o‘rinni egallash. Ayni paytda shu musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘ryapman, – deydi Shirin energetika texnikumi o‘quvchisi Iqbolmirzo Abdusamadov.
Iqbolmirzoning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati bir yoshning shaxsiy yutug‘idan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Unda kasbiy ta’limga yaratilayotgan sharoit, amaliy ko‘nikmalarga qaratilayotgan e’tibor va yoshlarning salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etishi uchun berilayotgan imkoniyatlar mujassam.

– Shirin energetika texnikumi o‘quvchisi Iqbolmirzo Abdusamadovning bugungi yutug‘i, avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan kasbiy ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy natijasidir.
So‘nggi yillarda kasbiy ta’limni rivojlantirish, iqtidorli, salohiyatli va innovatsion fikrlaydigan kadrlarni tayyorlashga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Buning natijasida kasbiy ta’lim muassasalarining, jumladan, Shirin energetika texnikumining moddiy-texnik imkoniyatlari yanada kengaymoqda.
Qolaversa, dual ta’lim tizimi asosida o‘quv jarayonining yo‘lga qo‘yilgani Iqbolmirzo kabi yoshlarning o‘z kasbiy mahoratini amaliyotda namoyon etishi va yuqori natijalarga erishishida muhim omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida texnikumlarni xususiy sektor bilan hamkorlikda rivojlantirish bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilangan. Shu nuqtai nazardan, «AKFA Power»ning «Al-Jabr» dasturi doirasida o‘quv jarayonining yo‘lga qo‘yilgani bugun o‘z samarasini bermoqda.
Bu natijalar faqat Iqbolmirzo uchun emas, balki unga o‘xshagan ko‘plab yoshlar uchun ham katta motivatsiya bo‘lmoqda. Ular o‘z kasbi orqali xalqaro maydonlarda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilish mumkinligini ko‘rib turibdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Kasblar milliy tanlovi» e’lon qilingan. Hozirda ushbu tanlovning uchinchi bosqichiga start berish arafasida turibmiz. Bu jarayonning natijalarini nafaqat bugun, balki kelgusi yillarda ham ko‘ramiz. Zero, bunday tanlovlar yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi, – deydi Kasbiy ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari Avzalxon Abdullaxonov.
Bugungi natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, Shirin energetika texnikumidagi ta’lim jarayonini ertangi energetika manzarasidan alohida tasavvur etib bo‘lmaydi. Shaharda yirik energetika korxonalari ishlamoqda, yangi stansiyalar barpo etilmoqda, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid loyihalar kengaymoqda. Bularning barchasi bilimli va malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Shirinda esa bu ehtiyojni qondirish uchun zarur ta’lim muhiti yaratilgan.
Bugun texnikumda tahsil olayotgan 640 nafar yoshning qo‘lida faqat kasb emas, katta imkoniyatlar ham bor. Ular zamonaviy texnologiyalarni o‘rganmoqda, ishlab chiqarish muhitiga moslashmoqda, xalqaro tajriba bilan tanishmoqda va, eng muhimi, o‘z kasbiy kelajagini energetika sohasi bilan bog‘lamoqda.

Energetika sohasidagi har bir yangi stansiya mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi quvvat bo‘lsa, Shirin energetika texnikumida ta’lim olayotgan har bir yosh – ana shu quvvatni harakatga keltiradigan inson kapitali.
Shu ma’noda, Shirinda bugun nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda, bu yerda mamlakat energetikasining kelajagi uchun eng muhim resurs – bilimli, malakali va zamonaviy fikrlaydigan insonlar tayyorlanmoqda.
Bugun ular o‘quvchi. Ertaga esa yangi elektr stansiyalari, qayta tiklanuvchi energiya ob’ektlari va zamonaviy energetika tizimining ishonchli mutaxassislariga aylanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri