“Shijoat va g‘ayrat” sovrindorlari aniqlandi
Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining murosasiz final bosqichida hududlardan kelgan eng kuchli jamoalar jismoniy tayyorgarligi, mardligi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi.
Qizg‘in bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Andijon viloyati Marhamat tumani, “Alitepa” jamoasi mahalla yoshlari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. 2-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumani “Navro‘z” jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Xorazm viloyati Shovot tumani “Qumyob” jamoasi qo‘lga kiritdi.
Harbiy-sport musobaqasi nizomiga muvofiq, 1-o‘rinni egallagan jamoaga 100 million so‘m, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanish asnosida universal sport maydonchasi qurib berilishi e’tirof etildi. 2-o‘rin sohiblari 75 million so‘m hamda noutbuk, strit-bol va vorkaut maydonchasiga ega chiqadigan bo‘ldi. O‘z navbatida, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga 50 million so‘m, velosiped hamda vorkaut maydonchasi qurib berilishi bo‘yicha sertifikat bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Respublika final bosqichiga qadar yetib kelib, munosib ishtirok etgan 11 ta jamoaning har biriga 30 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA