Shifoxona yangi binoda ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi bayrami arafasida Namangan viloyatida bir qator ijtimoiy-iqtisodiy yangi ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda.
Jumladan, Mingbuloq tumani Jomashuy shaharchasida joylashgan viloyat sil kasalliklari shifoxonasi uchun yangi barpo etilgan bino taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur shifoxona 1973 yilda faoliyatini boshlagan va hozirda 120 o‘rinda viloyat miqyosida tibbiy xizmat ko‘rsatadi. O‘tgan yilning iyun oyidan boshlangan kapital ta’mirlash ishlari joriy yil dekabr oyida yakunlandi.



Bugungi kunda ushbu muassasada 125 nafar xodim, shu jumladan, besh nafar vrach, 57 nafar hamshira faoliyat yuritib kelmoqda. Shifoxona qurilishi uchun 22,6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Qolaversa, yangi shifo maskani raqamli rentgen, zamonaviy jarrohlik uskunalari, fizioterapevtik va laboratoriya apparatlari bilan jihozlandi. Shuningdek, shifoxonaga 275 million so‘mlik tibbiy jihozlar, 210 million so‘mlik tibbiy buyumlar, 670 million so‘mlik dori-darmonlar va 970 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilindi.


Tantanali ochilish marosimida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA