Shifokor: zahmatlarim bir zumda unut bo‘ldi
Bugun Tibbiyot xodimlari kuni
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi mudiri Dilorom Tursunova II darajali «Salomatlik» ordeni bilan mukofotlandi.
– Bugun ko‘plab hamkasblarim singari men uchun ham quvonchli va unutilmas kun bo‘ldi, – deydi Dilorom Tursunova. – Prezidentimiz tabrigini eshitib, juda hayajonlandim. Shifokorlik kasbini tanlaganim hayotimdagi eng to‘g‘ri qaror bo‘lganini yana bir bor his qildim. Ko‘z oldimdan 40 yillik faoliyatim birma-bir o‘tdi. Bu davr mobaynida zahmat, mashaqqat chekishga to‘g‘ri kelgan paytlar ham bo‘ldi. Shifokorlik shunaqa kasb. Uzluksiz bilim olish, o‘qish, izlanish kerak. Ilm olish esa igna bilan quduq qazishdek gap. Demak, yetuk mutaxassis, o‘z ishining ustasi bo‘lish uchun har bir shifokor mashaqqat chekishiga to‘g‘ri keladi.
Ayniqsa, pandemiya davrida kasbimizning yanada muhim va xatarli jihatlari ko‘rindi. Ko‘rinmas yov bilan jang qilishimizga to‘g‘ri keldi. Hayotdan bevaqt ko‘z yumgan hamkasblarimiz ham bo‘ldi.
Bilasizmi, hozirgidek e’tibor, rag‘bat chekkan zahmatlaringni unut qilib yuborar ekan. Ayniqsa, davlat rahbari tomonidan alohida ehtirom ko‘rsatilsa, qayta va qayta shu kasb egasi bo‘lganingga shukronalar keltirar ekansan.
Tibbiyotning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri yuqumli kasalliklar hisoblanadi. Kasalliklarning oldini olishda profilaktika muhim ahamiyatga ega. Shu bois, davlatimiz tomonidan ayni mana shu yo‘nalishga katta e’tibor qaratilyapti. Davrning o‘zi bu yo‘nalishda yanada bor kuch-salohiyatimizni ishga solishni talab qilyapti. Ana shularni teran his qilgan holda xalqimiz salomatligi yo‘lida xizmat qilishda davom etamiz.
O‘zA muxbiri Mohigul Qosimova yozib oldi.