Shifokor laborant va talabalar ushlandi
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati OITSga qarshi kurashish markazi shifokor laboranti, 1994 yilda tug‘ilgan S.M. mansabdor tanishlari orqali mahalliy fuqaroga maxsus “sertifikat” olib berishni va’da qilib, 2000 AQSH dollari olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, talabalarning fuqarolardan ta’magirlik orqali pul undirishi bilan bog‘liq holat fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand davlat chet tillari institutining talabalari B.X. va X.M. fakultet dekanining yordami bilan 4 nafar kursdoshini ingliz, fransuz tillari fanlaridan bo‘ladigan yakuniy davlat attestatsiya imtihonlaridan o‘tkazib berishni va’da qilib, evaziga ularning har biridan 500 AQSH dollaridan jami 2000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilib, oldindan 500 AQSH dollarini olgan.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda B.X. fuqaro Sh.L.dan kelishilgan pulning qolgan 1500 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan vaqtida protsessual tartibda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozir mazkur holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri