SHHT sammitida BMT rahbari, Afgʻoniston va Eron prezidentlarining ishtiroki rejalashtirilmoqda
BRIKS va SHHT sammitlari 21-23-iyulga rejalashtirilgan edi, biroq pandemiya tahdidi sharoitida tadbirni kuzga koʻchirishga qaror qilindi.
Shu yil Sankt-Peterburgda boʻlishi kutilayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida BMT Bosh kotibi, MDH davlatlari rahbarlari hamda Eron, Afgʻoniston, Moʻgʻiliston va boshqa qator mamlakatlar liderlarining ishtiroki rejalashtirilmoqda, deb maʼlum qildi juma kuni SHHT bosh kotibi Vladimir Norov jurnalistlar bilan uchrashuvda.
BRIKS va SHHT sammitlari 21-23-iyulga rejalashtirilgan edi, biroq pandemiya tahdidi sharoitida tadbirni kuzga koʻchirishga qaror qilindi.
“Sankt-Peterburg sammitida SHHT mamlakatlari liderlaridan tashqari, Afgʻoniston, Belarus, Eron va Moʻgʻiliston prezidentlari ham kuzatuvchi davlatlar rahbarlari maqomida tadbirda ishtirok etishi moʻljallanmoqda. Vetnam ASEAN raisi, Turkmaniston qabul qiluvchi tomonning faxriy mehmoni sifatida ishtirok etishi koʻzda tutilmoqda”, - dedi Norov jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Vladimir Norov shuningdek, epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan tashkilotning boshqa rejalarini ham amalga oshirish imkoniyati paydo boʻlishiga umid bildirdi. Bunday rejalar qatoriga tashqi ishlar vazirlarining hamda milliy koordinatorlarning yuzma-yuz uchrashuvini oʻtkazish va boshqa tadbirlar kiradi.
SHHT – xalqaro tashkilot boʻlib, unga 2001-yilda Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston rahbarlari tomonidan asos solingan. 2017-yil 9-iyunda Astana shahrida boʻlib oʻtgan SHHT sammitida aʼzo davlatlar rahbarlari Hindiston va Pokistonni ham tashkilotga qoʻshish haqida qaror qabul qilishgandi.