SHHT sammiti yakunlari muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab Prezidentimizning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi tarixiy nutqining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, sammitda SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, tashkilot faoliyatini takomillashtirish istiqbollari muhokama qilinib, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashdi. So‘nggi yillarda Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi yildan-yilga kuchaymoqda. O‘zbekistonga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan davlatlardan biri sifatida Xitoyning investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan oshmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi. Kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Fraksiyaning kelgusi yig‘ilishida Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalar byudjetlarining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, deputatlar byudjet ijrosini dastlabki tarzda ko‘rib chiqishdi. Davlat byudjeti muhokamasida partiya g‘oyalaridan kelib chiqib qanday masalalarga e’tibor qaratish zarurligi bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.
Qayd etilganidek, hududlarda aholi bandligi va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha choralar hamda amalga oshirilgan islohotlar natijasida joriy yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulot hajmi 7,2 foizga o‘sgan.
Shuningdek, fraksiya a’zolari ta’lim-tarbiya, maktablarni darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari bilan to‘la ta’minlash borasidagi masalalarga e’tibor qaratdilar. Hisobot davrida bu borada samarali ishlar qilingani, jumladan, darsliklar bilan bog‘liq xarajatlar uchun 784,8 mlrd so‘m, musiqa anjomlar xaridi uchun esa 49,4 mlrd so‘m sarflangani qayd etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA