Sherzod Shermatov yosh mutaxassislar bilan uchrashib, muhim vazifalarni muhokama qildi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan va hozirda vazirlik hamda uning tizimida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan uchrashdi.
Muloqotda yosh kadrlarning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Davlat tashkilotlarida ish jarayonlarini yanada takomillashtirish, ichki jarayonlarni soddalashtirish va ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish bo‘yicha fikr almashildi.

Sherzod Shermatov davlat boshqaruvida zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Xususan, AI agentlarni joriy etish orqali ko‘plab ichki jarayonlarni avtomatlashtirish mumkin. Bu xodimlarning vaqtini tejaydi, takroriy vazifalarni qisqartiradi va ish samaradorligini oshiradi. Eng muhimi, ma’lumotlarni tezkor qayta ishlash va qaror qabul qilish jarayonlarini jadallashtirish imkonini beradi.
Uchrashuvda Research and Development, ya’ni R&D yo‘nalishini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish va davlat hamda xususiy sektorda innovatsion ishlanmalar ulushini oshirish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.

Yosh mutaxassislarning yangi texnologik yechimlar yaratishdagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy salohiyatni iqtisodiy qiymatga aylantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda O‘zbekistonning xalqaro nufuzli reytinglardagi o‘rnini yanada yaxshilash masalasi ham ko‘tarildi. Mamlakatning raqamli salohiyatini oshirish va global texnologik maydonda raqobatbardoshligini mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi.
Raqamlashtirish jarayoni faqat davlat boshqaruvi bilan cheklanib qolmasligi kerakligi ta’kidlandi. Real sektorda ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sanoat va iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish muhim. Bu yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Axborot texnologiyalari eksportini oshirish ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va eksportbop IT loyihalar ustida ishlayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan xorijiy bozorlar uchun mahsulot va xizmatlar yaratayotgan yosh mutaxassislarning loyihalari bilan tanishildi. Ularning amalga oshirayotgan ishlari, mavjud imkoniyatlari va kelgusidagi rejalari haqida fikr almashildi.
Muloqotda zamonaviy va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega daromad manbalarini ko‘paytirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Raqamli xizmatlar, IT mahsulotlar va intellektual mehnat orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Shuningdek, soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy va me’yoriy masalalar muhokama qilindi. Amaliyotda uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularga yechim topish, zarur hollarda mavjud tartiblarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv davomida vazir har bir yosh mutaxassis bilan alohida suhbatlashdi. Ularning loyihalari, ish faoliyati va kelgusidagi rejalari bilan tanishdi.
Yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularga o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun sharoit yaratish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA