Sheroboddagi “Surxon-Agro” zonasida imkoniyat va imtiyozlar kengaytirildi
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida 940 gektar maydonda zamonaviy, energiya tejamkor issiqxona majmuasi va 20 gektar yerda yirik agrologistika markazi bunyod etilmoqda.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam tashlab bergan yangi loyiha 2026-2027-yillarda issiqxona xo‘jaliklarini kengaytirib, natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasidan ma’lum qilishlaricha, majmuada o‘z biznesini yuritish uchun Qatar, Xitoy, Ispaniya kabi davlatlar tadbirkorlari tuproq unumdorligi va bu yerda yaratilayotgan imtiyozlarni o‘rganib, hududda o‘z biznesini yuritishga, issiqxonachilik bilan shug‘ullanishga katta qiziqish bildirgan.
Prezidentimizning shu yil 13-oktabrdagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni iqtisodiy zona ishtirokchilari bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi mahalliy va xorijiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun keng imkoniyat va qator imtiyoz yaratdi. Yer ajratish, qurilish va moliyalashtirish mexanizmlarini soddalashtirdi.
Shunga ko‘ra, ularga yer uchastkalari normativ qiymatining 10 foizidan boshlanadigan narxda, qiymati kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar hamda Toshkent shahri va viloyatidan issiqxonasini ko‘chiruvchilar uchun boshlang‘ich narx bir foiz etib belgilandi. Besh yilga yer, mol-mulk va foyda soliqlari bo‘yicha imtiyozlar berildi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan uskuna va materiallarni olib kirishda bojxona bojidan ozod qilindi.

– Davlatimiz rahbarining farmoni hududdagi ishlarni yanada tezlashtirish uchun katta imkoniyat ham yaratdi, – deydi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori O‘.Shoymanov. – Hududda tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma ob’ektlari qurilishi va ularni moliyalashtirish masalalari yechimining choralari belgilandi. Xorijliklar va chet el kapitalli korxonalarga yer ajratishdagi cheklovlar bu yerda amal qilmaydi. Tayyor issiqxonalar va agrologistika markazi tadbirkorlarga 7 yillik bo‘lib to‘lash yoki lizing asosida sotiladi.
Qishin-yozin oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan, qayta ishlanadigan va saqlanib, realizatsiya qilinadigan yirik erkin iqtisodiy zonada barcha zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda. Jumladan, gaz, elektr, suv, oqova suv, kollektor va 50 km yo‘l qurilishi uchun 220 milliard so‘m, issiqxona majmualari uchun 180 milliard, agrologistika markazi uchun 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Loyihalarni moliyalashtirish uchun kelgusi yil xalqaro moliya institutlaridan 100 million dollar jalb etiladi.
Farmonda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tarkibidagi 8 ta ixtisoslashgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt 8 ta tijorat banki bilan har biri shu yil 1-dekabrgacha 10 gektar, 2027-yil 1-maygacha 40 gektar issiqxona barpo etishi, agrologistika markazini kelgusi yil 1-iyungacha qurishi belgilab berildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tumanning Oltin voha mahallasi hududida bunyod etilayotgan loyiha to‘liq ishga tushgach, 6 ming 300 doimiy va 8 ming mavsumiy ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutadi. Aholini servitamin, tabiiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlaydi. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilib, viloyatning eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri