Shaxmatchimiz "Oskemen Open 2024"da sovrindor bo‘ldi
Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan "Oskemen Open 2024" xalqaro turnirida hamyurtimiz Jahongir Vohidov 3-o‘rinni egalladi.
"Oskemen Open 2024" xalqaro turnirining "Masters" guruhida 20 nafar grossmeyster, 29 nafar xalqaro masterlar ishtirok etdi.
O‘nta turdan iborat musobaqa yakunida Jahongir Vohidov 10 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 3-o‘rinni egalladi. Grossmeysterimiz bronza medali bilan birga 5 200 AQSH dollar miqdoridagi pul mukofotini ham qo‘lga kiritdi. U so‘nggi turda oq donalarda rossiyalik Dmitriy Bocharovni taslim etdi.

"Masters" turniri g‘olibligi 8 ochko to‘plagan ukrainalik Vitaliy Bernardskiyga nasib etdi. Jahongir singari 7,5 ochko jamg‘argan Bay Szinshi ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu turnirda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Muhiddin Madaminov 6,5, Muhammadzohid Suyarov va Azamat Daurimbetov 5, Bahrom Bahrillayev esa 4,5 ochkoni qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA