Shaxmat: “Sharja Masters” yakunlandi
Xabar berganimizdek, BAAning Sharja shahrida shaxmat bo‘yicha sovrin jamg‘armasi 60 ming AQSH dollaridan iborat “Sharja Masters” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, musobaqaning so‘nggi 9-tur o‘yinlarida vakillarimiz bittadan g‘alaba, durang va mag‘lubiyat natijasini qayd etishdi.
Hamyurtlarimizning yagona g‘alabasiga Javohir Sindarov erishdi. U oq donalarda gretsiyalik xalqaro grossmeyster Dimitrios Mastrovasilisni mag‘lubiyatga uchratdi va xalqaro turnirni 5,5 ochko bilan yakunladi.
Nodirbek Abdusattorov esa musobaqa mezboni Salim Solihga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va turnirda 5,5 ochko to‘play oldi.
“Sharja Masters”da eng yaxshi natijaga erishgan Nodirbek Yoqubboyev esa xalqaro turnir g‘olibi bo‘lgan eronlik Muhammad Amin Tabatabayi bilan so‘nggi 9-turda oq donalarda harakat qilib, durangga erishdi va “Sharja Masters” xalqaro turnirida 8-o‘rinni egalladi.
Aytish joizki, mazkur xalqaro turnirda o‘zbekistonlik “aql gimnastikasi” sohiblari 70 nafardan oshiq ishtirokchilar orasida kuchli 20 talikdan joy egallashdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA