Shaxmat: O‘zbekiston maktab o‘quvchilar jamoasi Osiyo saralash musobaqasida peshqadam
Qozog‘istonning Olmaota shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatiga yo‘llanma taqdim etadigan Osiyo saralash musobaqasi birinchi bosqich bahslarida 26 ta jamoa qatorida O‘zbekistonning ikki jamoasi ham ishtirok etmoqda.
Kecha nufuzli turnir nizomiga muvofiq, dastlabki 3 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizning yosh va iqtidorli shaxmatchilaridan tashkil topgan “WISDOM SCHOOL” jamoasi dastlabki tur o‘yinlarida Qirg‘izistonning “SCHOOL NO. 70” jamoasini 3,5:0,5, Bahraynning “SPSC MALIBAGH” jamoasini 3:1, Yangi Zelandiyaning “ACG SUNDERLAND” shaxmatchilarini 3:1 hisobida mag‘lub etdi.
Mamlakatimizning yana bir jamoasi “AL-KHWARIZMI IT SCHOOL” vakillari o‘tkazilgan uchta turning ikkitasida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, bittasida durang qayd etdi.

Ortda qolgan 3 ta tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, mamlakatimizning “WISDOM SCHOOL” jamoasi 16 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni band etgan Rossiya Federatsiyasining ”KURCHATOV SCHOOL” va Qozog‘istonning “SEED UNIKER SCHOOL” jamoalari hisobida 14 ochko mavjud.
8 ta turdan iborat musobaqalar 10-aprelga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA