Shaxmat olimpiadasi hakamlari uchun seminar o‘tkazildi
Joriy yilning 15-27-sentabr kunlari ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda 3-Para shaxmat olimpiadasi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
200 dan ziyod jamoalar ishtirok etadigan mazkur nufuzli musobaqalar oldidan kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan bahslarni boshqarib borishda ishtirok etadigan hakamlar uchun 1-onlayn seminar mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

ZOOM platformasida o‘tkazilgan seminar mashg‘ulotlarini 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bosh hakami Ivan Surov hamda 3-Para shaxmat olimpiadasi bosh hakami Nebojsa Baralis olib bordi.
O‘zbekistonlik hamda xorijlik tajribali hakamlar ishtirok etgan seminar davomida har ikki yilda bir marta o‘tadigan shaxmat olimpiadasi musobaqalaridagi asosiy ish tartibi, hakamlarning vazifalari, mas’uliyati va musobaqa jarayonida amal qilinishi lozim bo‘lgan muhim tamoyillar haqida so‘z bordi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA