Shaxmat: Kelgusi rejalar belgilab olindi
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mas’ullari, murabbiylar va mutaxassislar ishtirokida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi rejalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ijobiy natijalarni ko‘paytirish, xato va kamchiliklarni bartaraf etish, mahoratli sportchilarni tayyorlash tizimini shaffoflashtirish, o‘tkazilayotgan musobaqalarda sifat ko‘rsatkichini yaxshilash borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi.

2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasini har jihatdan yuqori saviyada tashkil etish mamlakat shaxmat federatsiyasi mutaxassislari oldida turgan muhim vazifa ekani qayd etilib, tayyorgarlik ishlarini tizimli tarzda olib borish lozimligi aytildi.

Bundan tashqari, shaxmatni aholi o‘rtasida, ayniqsa yoshlar orasida yanada ommalashtirish, zarur qo‘llanmalar yaratish, xalqaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA