Shaxmat: Chempionlik yo‘lidagi bugungi raqibimiz Hindiston
Isroilning Quddus shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar terma jamoalari o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yaqinlashmoqda.
Ortda qolgan bahslar natijasiga ko‘ra Xitoy, Ispaniya, Hindiston va O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari hal qiluvchi bosqichga yetib kelishdi.
Kecha o‘tkazilgan 1/4 final bahslarida hamyurtlarimiz ukrainalik shaxmatchilar bilan kuch sinashdi.
Hamyurtlarimiz dastlabki partiyada Ukrainani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Javohir Sindorov Kiril Shevchenkodan ustunlikka erishgan bo‘lsa, Jahongir Vohidov Igor Kovalenkoni mag‘lub etdi. Aynan ushbu g‘alabalar jamoamizga muhim ochkolarni taqdim etdi. Ikkinchi partiyada ham shaxmatchilarimiz ukrainaliklarga imkoniyat qoldirmadi va 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, 1/2 final bosqichiga yo‘l oldi.

Xuddi shuningdek, AQSH vakillarini umumiy hisobda dog‘da qoldirgan Fransiya, Ozarbayjondan ikki partiya holatida 3:1 hisobida oldinga chiqqan Ispaniya, Polsha vakillarini 3:1 ko‘rinishida yenggan xitoylik shaxmatchilar 1/2 final bahsida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bugun, 24 noyabr kuni yarim finalga yo‘l olgan jamoalar final uchun kurash olib boradi. Unda Xitoy Ispaniya bilan bahslashsa, O‘zbekiston shaxmatchilari Hindiston jamoasiga qarshi dona suradi.

Shu o‘rinda aytish joiz, mamlakatimiz shaxmatchilari jamoalar o‘rtasidagi mazkur jahon chempionatining guruh bosqichidagi 4-tur uchrashuvida Hindiston terma jamoasini 3,5 : 1,5 hisobida mag‘lub etgan edi.
Ertaga, 25 noyabr kuni har ikki yarim final g‘oliblari chempionlik uchun, mag‘lub bo‘lgan jamoalar esa 3-o‘rin uchun bahslashadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA