Shaxmat: Abdusattorov va boshqalar Gongkongda Vatanimiz sharafini himoya qiladi
Bugun, 17-iyun kuni Gongkongda shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jamoalar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionati boshlanadi.
Dunyoning eng kuchli grossmeysterlari, yetakchi klublari ishtirok etayotgan FIDE tizimidagi mazkur jahon chempionatida 40 ta jamoaning 300 nafardan ziyod shaxmatchisi o‘z jamoasi sharafini himoya qiladi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming yevrodan iborat jamoalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida O‘zbekiston nomidan 2 ta jamoa qatnashmoqda.
Xususan, jamoamiz tarkibidan Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova va Akjol Rahmatullayev joy olgan bo‘lsa, yurtimiz sharafini himoya qiladigan “Sky Chess” tarkibida Gulruhbegim Tohirjonova, Muhammadzohid Suyarov, Shant Sargsyan, Andrev Xong, Aram Xakobyan, Rahmonqul Sulaymonov va Asqarjon Ismoilov dona suradi.
Kecha jahon birinchiligi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatnashgan FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati joriy yil Samarqandda bo‘ladigan 46-Butunjahoni shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi ekanini bildirdi.
Chempionat nizomiga muvofiq, 17-19-iyun kunlari rapid, 20-21-iyunda esa blits yo‘nalishidagi musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA