Sharafli kasb egalariga hurmat va ehtirom ko‘rsatildi
Navoiy viloyati hokimligida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga ko‘ra taqdirlangan bir guruh o‘qituvchilarga davlatimizning yuksak mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi tashabbuskor va fidoyi, faol, ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab viloyat hokimi Normat Tursunov mamlakatimizda ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, o‘qituvchi va murabbiylar mehnati alohida e’tirof etilayotganligi hamda bir qator imkoniyatlar yaratib berilayotganligini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida ham ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatdagi umumta’lim maktablarning qiyofasi tubdan o‘zgarib, zamonaviy binolar qad rostlamoqda.
Jumladan, so‘nggi uch yilda viloyatda 8 ta umumta’lim maktabi yangidan barpo etilgan bo‘lsa, 156 ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 253 ta maktabning moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, respublika va mahalliy byudjetning 31,4 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan 3000 dona kompyuter, 450 dona elektron doska, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga esa 1,9 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 550 dona planshetlar olib berildi.
[gallery-25316]
So‘nggi 3 yilda ta’lim muassasalarida ishlaydigan pedagoglarning toifasi 68 foizdan 71 foizga oshdi. Shuningdek, 1870 nafar chet tili o‘qituvchilarning 87 foizi til bilish sertifikatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, bitiruvchilarning davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishi 7,3 foizga oshib, 48,3 foizga yetkazildi. Davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarga kirish 74 foizga yetdi.
Yurtimizda fidokorona mehnat har doim qadrlangan. Joriy yilda ham davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar Vatanimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ularning 5 nafari navoiylikdir.
– Ta’limdagi islohotlar haqida so‘z borar ekan, eng avvalo, maktabgacha ta’limga e’tibor oshgani, o‘qituvchilarning qadr-qimmati, sha’ni qaytarilgani, majburiy mehnatga barham berilgani, pedagoglar bugun o‘z ishi bilan shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini ta’kidlashni istardim, – deydi “Shuhrat” medali sohibasi, Navoiy davlat universiteti professori Shoira Nosirova. – Viloyatda yangi baholash tizimiga o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari bilim samaradorligi 58,4 foizdan 72,5 foizga oshgan bo‘lsa, ushbu maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirishi o‘rtacha 81 foizga yetdi. Mana bir necha yildirki, navoiylik o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish bo‘yicha birinchilikni qo‘ldan bermayapti. Bu yil ham oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichining o‘rtacha bali bo‘yicha respublikaning 208 ta tuman shaharlari o‘rtasida Zarafshon shahri 1-o‘rinni va Navoiy shahri 2-o‘rinni qayd etdi. Bunda albatta, ta’lim muassasalarida mehnat qilayotgan ustozlarimizning alohida hissasi bor.
Tadbirda davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir guruh fidoyi, o‘z sohasining yetuk bilimdonlari, tashabbuskor va faol o‘qituvchi hamda murabbiylar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i, tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari