“Shanxay ruhi”dan “Samarqand ruhi” sari
Davlatimiz rahbarining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida qayd etilganidek, SHHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim.
bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to‘lgan ushbu mintaqaviy tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissaning salmog‘i yuksak ekanidan dalolat beradi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga ko‘plab mahalliy va xorijiy ekspertlar jalb etilgan. O‘zA muxbiri SHHT sammitining eksperti – “Yuksalish” umummilliy harakati loyiha rahbari Aziz Baratovning fikrlari bilan qiziqdi.
– SHHT tomonidan ilgari surilgan beshta g‘oya a’zo davlatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi va e’tirofga sazovor bo‘ldi. “Shanxay ruhi” beshta qarashni asos sifatida o‘z ichiga olgan holda SHHTni qarama-qarshilikdan ko‘ra ittifoq va hamkorlik hamda sherikchilik munosabatlarini o‘z ichiga olgan xalqaro munosabatlarning yangi modelini ilgari surdi. “Shanxay ruhi” Markaziy Osiyoda adolatli tartib hamda xalqaro siyosiy va iqtisodiy tartibni o‘rnatish bo‘yicha innovatsion va samarali konsepsiya sanaladi. U chuqur o‘zgarishlar sharoitida mintaqaviy va hatto global boshqaruv uchun foydali saboqlar beradi.
“Shanxay ruhi” yangi turdagi xalqaro munosabatlar va umumiy kelajakka ega bo‘lgan jamiyatni qurishning ikki konstruksiyasi bilan birlashtirilgan. U zamon tendensiyasi va rivojlanayotgan mamlakatlarning intilishlarini ifodalaydi va yangi sharoitlarda mintaqaviy boshqaruvga yangi konseptual g‘oyalarni qo‘shadi. Mazkur g‘oya rivojlanayotgan mamlakatlarning huquq va manfaatlarini yaxshiroq aks ettiruvchi yangi xalqaro tartibni barpo etishda katta amaliy ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasi SHHTning Samarqand sammiti oldidan tashkilotning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarini belgilab beruvchi muhim konseptual hujjatga aylandi.
Hususan, mazkur maqolada Prezidentimiz bugungi kunda global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yo‘liga qaytishini va global ta’minot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirayotganligini qayd etgan. SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la olishiga ishonch bildirilgan.
Uning yagona yechimi Prezidentimiz konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlik, deb ta’kidlab o‘tdilar. Shuningdek, samarali xalqaro hamkorlikka alohida urg‘u berilib, uning dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omili ekani ta’kidlangan. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l ekani bildirilgan.
Shundan kelib chiqib, maqolada “Shanxay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turuvchi “Samarqand ruhi” – hamkorlik, o‘zaro anglashuv va do‘stlik ifodasi shiori ilgari surildi. Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana olishi ta’kidlab o‘tilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri