Shahrisabzda tarixiy maydon yangicha qiyofa kasb etmoqda (+video)
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida ulug‘ ajdodimiz, buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat hamda san’at homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligi arafasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Yubileyni munosib qarshi olish maqsadida shahar infratuzilmasini yaxshilash, tarixiy maskanlarni obodonlashtirish va zamonaviy qiyofa kasb ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, shaharning yuragi hisoblangan tarixiy maydonda amalga oshirilayotgan ishlar ushbu jarayonning markazida turibdi. Jumladan, Amir Temur xiyoboni kompleks obodonlashtirish, favvoralarni ta’mirlash, eskirib qolgan yo‘laklar va lotoklarni yangilash, yo‘llar holatini yaxshilash hamda yashil hududlarni kengaytirish ishlariga alohida urg‘u berildi.
Amaliy ishlar 858 kvadrat metr hajmda bruschatka yotqizish, 90 kvadrat metr hududda lotoklarni yangilash, 120 dona lotokni almashtirish, 600 dona dandara va 45 dona bordyurlarni qayta o‘rnatish ishlari bajarildi.
Shu bilan birga, shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish maqsadida ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham keng qamrovda olib borilmoqda. Xususan, 135 ming dona mavsumiy gullar, jumladan, surriya va atirgullar ekilib, 6 ming dona doimiy yashil butalar hamda 8 ming 300 dona turli manzarali daraxtlar o‘tqazildi.
[gallery-28587]
Mazkur ishlar nafaqat yubiley tadbirlarini munosib o‘tkazishga xizmat qiladi, balki Shahrisabz shahrining sayyohlik salohiyatini yanada oshirish, uning tarixiy qiyofasi bilan zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlashga ham zamin yaratadi.
Shubhasiz, amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida Shahrisabz nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham yanada jozibador va obod shahar sifatida namoyon bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kfGKKAASbmc" title="Shahrisabzda tarixiy maydon yangicha qiyofa kasb etmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video), O‘zA muxbirlari