“Shaffof shahar” va “Halol hudud” loyihalari tumanlarda joriy etilmoqda
Xalqaro standartlar va Yevropaning ilg‘or tajribasi asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi ishlar jadallashdi. Bu borada 2024-yildan e’tiboran “Shaffof shahar” va “Halol hudud” transformatsion loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Shaffof shahar” va “Halol hudud” – bu davlat organlari va tashkilotlarida halollik, shaffoflik hamda yuqori axloqiy standartlarni qaror toptirish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishining oldini olishga qaratilgan xalqaro metodologiya.
Mazkur yondashuv Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-sharqiy Yevropaning 11 davlatidagi 30 ta mahalliy hokimiyat organida muvaffaqiyatli joriy etilgan bo‘lib, 2011-yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun BMTning nufuzli mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Mazkur loyihalar dastlab Mirzo Ulug‘bek, Vobkent tumanlari va Jizzax shahrida sinov tariqasida amalga oshirilib, mahalliy boshqaruv tizimida 61 turdagi korrupsiyaviy xavf-xatar aniqlandi hamda har bir hudud uchun 2025 - 2026-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Joriy yilda ushbu tashabbus To‘rtko‘l, Hazorasp, Konimex, Kattaqo‘rg‘on, Koson hamda Oltiariq tumanlarida izchil davom ettirilmoqda.
Loyihalar doirasida tuman hokimlari o‘rinbosarlari, hokimliklarning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mas’ul xodimlari, bosh inspektorlar, mahalliy kengashlar deputatlari hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari vakillari uchun o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etildi.
Seminarlarda hududlardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarni belgilash, ochiqlik va hisobdorlikni yanada oshirish hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqildi.

Hozirgi vaqtda loyiha ekspertlari tomonidan har bir tuman bo‘yicha ayni yo‘nalishlarda amaliy choralarni kuchaytirishga oid alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi ostida amalga oshirilayotgan “Korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ushbu metodologiya respublikaning barcha tuman va shaharlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA