Servitut instituti takomillashtirilmoqda
Yerdan foydalanish murakkab boshqariladigan tizim sifatida uning asosiy, boshlang‘ich holatini aniqlovchi tamoyillarga mos tarzda amalga oshiriladi. Ularning mazmuni tabiatdan foydalanishning umumiy tizimida yerdan foydalanishning roli va o‘rni bilan, tabiat va jamiyatning o‘zaro ta’sirlarining mohiyati bilan, jamiyatning rivojlanishida yer resurslarining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati bilan aniqlanadi.
Aytish joizki, birinchidan, yerdan foydalanish tizimini yaratish mamlakat infratuzilmasiga iqtisodiy jihatdan samarali, uzoq muddatli davlat sarmoyasi sifatida qaralsa, ikkinchidan, yer mulkchiligining turli xil rejimini vujudga keltiradi hamda rivojlantiradi. Xususan yer munosabatlarida o‘zganing yer uchatkasidan cheklangan tarzda foydalanish shular jumlasidan hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 173-moddasiga muvofiq, O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi garchi belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, biroq servitut bilan bog‘liq fuqarolik huquqiy munosabatlar qonun chiqaruvchi tomonidan to‘liq tartibga solinmagan edi. Bu esa servitut bilan bog‘liq munosabatlar vujudga kelganda, taraflar zimmasiga yuklanadigan huquq va majburiyatlarni aniqlashning imkonsiz ekanligini ko‘rsatar edi. Shu boisdan, mamlakatimizda yer munosabatlari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli tarzda himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 23 oktyabr kuni “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-871-son qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi 1731 — 1737-moddalar bilan to‘ldirildi. Qonun chiqaruvchi tomonidan servitut bilan bog‘liq quyidagi normalarni kiritilganligini aytish mumkin:
Birinchidan, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tkazilganda servitutning saqlanishi (1731-modda), ya’ni agar Fuqarolik kodeksida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, servitut belgilangan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham servitut saqlanib qoladi. Xususan, mazkur moddaning ikkinchi bandida servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin emasligi, shuningdek, uni servitut belgilangan ko‘chmas mulkning huquq egasi bo‘lmagan boshqa shaxslarga berish taqiqlanishi ko‘zda tutuvchi normani ko‘rishimiz mumkin.
Ikkinchidan, qonun chiqaruvchi tomonidan servitut shartlari (1732-modda)ni belgilab beruvchi normani kiritilganligi ko‘rishimiz mumkin. Bu qoidaga ko‘ra, servitut Fuqarolik Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan asoslar amal qilishini yo‘qotmagunga qadar qo‘llanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, qonun chiqaruvchi tomonidan, servitut belgilanganda servitut belgilanayotgan yer uchastkasining maydoni, ushbu yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ob’ektlarini qurish, ulardan foydalanish, ularni ko‘zdan kechirish va ta’mirlash shartlari, yer fondi toifasidan qat’i nazar, yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasining ijarachisiga va (yoki) mulkdoriga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi, servitut belgilanayotgan yer uchastkasining joriy holati, yer uchastkasini undan belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish zarurligi, servitut uchun haq to‘lash tartibi, shuningdek servitut belgilangan yer uchastkasidan foydalanishdagi cheklovlar ko‘rsatilishi shartligi belgilab berildi.
Ta’kidlash joizki, servitut belgilanganda qonunga muvofiq boshqa shartlar ham ko‘rsatilishi mumkinligi e’tirof etildi.
Uchinchidan, servitut uchun haq toʻlash (1733-modda) bilan bogʻliq qoida belgilangan boʻlib, unga koʻra servitut belgilangan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari servitut kimning manfaatlarini koʻzlab belgilangan boʻlsa, oʻsha shaxsdan ushbu yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqli ekanligi koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, yer uchastkasining servitut belgilangan qismi uchun yer soligʻi (ijara haqi) yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari tomonidan toʻlanadi, bunda servitut uchun toʻlanadigan (bir martalik yoki doimiy) haq miqdori servitut amal qiladigan davr uchun belgilangan yer soligʻi (ijara haqi) summasidan kam boʻlishi mumkin emasligi ham mazkur moddaning ikkinchi qismida oʻz ifodasini topdi.
Toʻrtinchidan, servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini saqlash (1734-modda) tartibi belgilangan boʻlib, ushbu normaga koʻra agar servitutni amalga oshirish uchun servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud boʻlishi talab etilsa, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, mazkur yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari bunday muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerakligi belgilanishi mumkin.
Xususan, agar yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan birgalikda foydalanish huquqiga ega boʻlsa, servitut kimning manfaatlarini koʻzlab belgilangan boʻlsa, oʻsha shaxs muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ulardan foydalanish imkoniyatini taʼminlagan holda saqlashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi
Beshinchidan, servitut belgilangan yer uchastkasini bo‘lish (1735-modda) to‘g‘risidagi qoida belgilangan bo‘lib, unga muvofiq agar servitut belgilangan yer uchastkasini bo‘lish servitutdan foydalanishga to‘sqinlik qilmasa, servitut yer uchastkasining bo‘lingan qismlariga nisbatan ham saqlanib qoladi. Bunda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, bo‘lingan yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari servitut shartlari qayta ko‘rib chiqilishini talab qilishga haqli ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qonun chiqaruvchi tomonidan agar servitut bo‘lingan yer uchastkasining faqat bitta qismiga belgilansa, u qolgan yer uchastkalariga nisbatan bekor qilinishi belgilab berildi.
Oltinchidan, servitutni o‘zgartirish va bekor qilish (1736-modda) to‘g‘risidagi qoida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra servitut to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirishlar kiritishda va uni bekor qilishda Fuqarolik Kodeksning shartnomalarni o‘zgartirish va bekor qilishga doir qoidalari qo‘llaniladi. Ommaviy servitutni o‘zgartirish va bekor qilish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Servitutni o‘zgartirish va bekor qilish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Yettinchidan, binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulkka servitut belgilash (1737-modda)ni nazarda tutivchi qoida belgilangan bo‘lib, mazkur moddaga muvofiq agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, yer uchastkasidan foydalanishdan tashqari, cheklangan tarzda foydalanish zarur bo‘lgan binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulkka ham Fuqarolik Kodeksda nazarda tutilgan tartibda hamda shartlarda servitut belgilanishi mumkin ekanligi ko‘zda tutildi.
Shunday qilib, biz milliy qonunchiligimizning me’yoriy-huquqiy bazasida servitutlarni o‘rnatishning aniq ta’riflari yoki muhim usullari o‘z ifodasini topdi degan xulosaga kelishimiz mumkin. Shuningdek servitutni belgilash bilan bog‘liq turli xil muammolarni hal qilish uchun qonunchilik darajasida o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi deb hisoblash mumkin.
Umida Mahmudxodjayeva,
Toshkent Davlat Yuridik universitetining
Fuqarolik huquqi kafedrasi dotsenti