Sentyabrdan «Soliq» ilovasida soxta keshbeklarni aniqlaydigan sun’iy intellekt yordamchisi ishga tushadi
Soliq tizimida sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lami kengaymoqda. Sentyabr oyidan «Soliq» mobil ilovasida fuqarolarga keshbek bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni aniqlashda yordam beradigan «AI yordamchi» ishga tushirilishi kutilmoqda.
Soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida soliq tizimida sun’iy intellekt asosidagi yangi yechimlarni joriy etish ishlari haqida ma’lumot berildi. Soliq qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalari departamenti direktori Farruh Ahmedjonovning ma’lum qilishicha, yangi tizim keshbek va elektron hisobvaraq-fakturalar bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni aniqlashda fuqarolar hamda soliq organlariga yordam beradi.
Yangi «AI yordamchi» orqali fuqaro xarid qilganida uning cheki bo‘yicha keshbek olish imkoniyatini tekshirish mumkin bo‘ladi. Tizim chek bilan bog‘liq xavf mavjud yoki mavjud emasligini tahlil qilishga ko‘maklashadi.
Muhim jihati shundaki, sun’iy intellekt soliq xodimlarining o‘rnini bosmaydi. U asosan katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va shubhali operatsiyalarni aniqlash uchun xizmat qiladi.
Soliq qo‘mitasi vakili ta’kidlaganidek, yakuniy qarorni sun’iy intellekt emas, balki soliq xodimi qabul qiladi. Millionlab cheklar va boshqa ma’lumotlarni inson tomonidan qo‘lbola tarzda tahlil qilish ko‘p vaqt talab etsa, sun’iy intellekt bu jarayonni tezlashtirish va xodimlar samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, soliq to‘lovchilar bilan muloqotni soddalashtirish maqsadida «AI murojaatlar» nomli sun’iy intellektga asoslangan chatbotni ham ishga tushirish rejalashtirilgan. U fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ularga tezkor javob berish hamda zarur yo‘nalishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida 1 foizlik keshbek tizimini lotereya mexanizmi bilan almashtirish bo‘yicha takliflarga ham oydinlik kiritildi. Soliq qo‘mitasi vakili keshbek tizimi fuqarolarda xarid qilganda fiskal chek talab qilish madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, keshbek mexanizmi soliq tushumlarining oshishiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Lotereya mexanizmi esa avval ham mavjud bo‘lgani, biroq uning qamrovi keshbek tizimiga nisbatan cheklangani qayd etildi. Shu bilan birga, keshbek tizimini bekor qilish bo‘yicha yakuniy qaror hozircha qabul qilinmagan. Masalaning yakuniy yechimi Soliq qo‘mitasi tomonidan emas, balki soliq siyosatini shakllantiruvchi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Soliq qo‘mitasi ijro etuvchi organ sifatida tasdiqlangan qoidalarni amaliyotga joriy etadi. 1-avgustdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yutuqli o‘yinlar tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan. Kelgusida ushbu tajriba natijalari asosida keshbek va lotereya mexanizmlarining samaradorligi taqqoslanishi mumkin. Shunday qilib, hozircha 1 foizlik keshbek tizimi bekor qilingani haqida rasmiy qaror yo‘q. Biroq soliq tizimida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish kengayib, soxta cheklar va shubhali operatsiyalarni aniqlash imkoniyatlari kuchaytirilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA