Seni ulug‘layman ona-Vatanim – O‘zbekiston!
Publitsist o‘ylari
Saylovdan saylovgacha yurtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari har bir kishi qalbiga g‘urur va iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi.
Insonga insondan joiz muruvvat,
Ishq, sadoqat ila muhtaram inson.
Vatan bo‘y- bastiga millati quvvat,
Poydor sarhadlarga farzandlar posbon.
Azim Suyun aytar fidoyi jon bu!
Jahon ichra jahon O‘zbekiston bu!
Vatan ta’rifini vatanparvar va haroratli so‘z sohibi - tuyg‘ulari olov shoirdan o‘tkazib madh etish mushkul. Darhaqiqat jonajon yurtimiz –O‘zbekiston har bir inson qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdirib yuboradi. Vatan farzandlari fuqarolik tuyg‘usini his etib, sadoqat bilan xizmat qilishga va uni yanada yuksaltirishga mas’uldirlar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bundan besh yil avval o‘tgan saylovdan beri yurtimizda barcha sohalar yanada taraqqiy etdi, turli jabhalarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Vatanimiz ko‘rki, qiyofasi tubdan o‘zgarib ketdi.
O‘zbekiston jahon hamjamiyatida har jihatdan katta mavqeni egallagan. Buni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan turib so‘zlagan olamshumul nutqlaridan ham, O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslarini butun dunyodagi yirik davlatlar qo‘llab-quvvatlayotganidan ham ilg‘ash qiyin emas. Yurtboshimiz dunyoda tinchlik hamda barqarorlikni saqlashga doir e’tiborga molik va foydali takliflari tufayli har doim Markaziy Osiyo davlatlari orasida katta nufuzga ega ekanini namoyish etmoqda.
Vatanni madh etishni doimo xush ko‘radigan iste’dodli shoira Guljamol Asqarova toshqin va yoniq tuyg‘ularini quyidagicha ifodalaydi.
Bir kun Vatan deya yuksalsa Ruhim!
“Xalq” desam boshimga tig‘ kelmasidan.
OTA, TUPROQlaring eslarmi meni,
Vatan o‘chirmasmi... xotirasidan?!
Keyingi olti-yetti yil davomida Vatanimiz iqtisodiy salohiyati har qachongidan ko‘ra yuksaldi. Darhaqiqat, O‘zbekiston iqtisodiyoti tobora tez o‘sib borayotgan davlatlar qatoriga kirganini ko‘pchilik sharhlovchilar e’tirof etishayotir. Yuqoridagi fikrimizning rostligini Jahon bankining 2024 yilgi hisobotidan ham bilish qiyin emas. Unda qayd etilishicha, yurtimiz bu yil Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida yalpi ichki mahsulotning eng yuqori o‘sishi kuzatilayotgan uchta davlatning biri ekan. Hatto O‘zbekiston iqtisodiyoti joriy yilning to‘qqiz oyida 6,6 foizga o‘sgani ham fikrimizning yaqqol dalilidir. Bu tahsinga loyiq natija!
Vatanimizning iqtisodiy salohiyati yil sayin barqarorlashib, rivoj topib borayotgani yaqinda Qozon shahrida BRIKS birlashmasi davlatlarining sammitida ham alohida qayd etildi. Shu bilan birga O‘zbekiston xalqaro savdo uchun logistika markaziga aylanayotgani ham ta’kidlandi. Jonajon yurtimiz dunyodagi rivojlangan davlatlar bilangina emas, qo‘shni mamlakatlar bilan ham savdo va iqtisodiy aloqalarni har qachongidan ko‘ra yaxshilagani muvaffaqiyatlar omili bo‘layotir.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Vatanimizda amalga oshirilayotgan faol investitsiya siyosati hamda oqilona islohotlar hisobiga yurtimizda barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanishiga erishilayotir. Bir misol keltira qolaylik. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo aylanmasi o‘n milliard dollarga yetishi ko‘zda tutilgani ham Vatanimizning istiqboldagi rejalari, iqtisodiy aloqalar chakki emasligidan dalolat beradi.
Ey yurakning payg‘ambari, jonim Vatan,
Senga ummat bo‘lmoq oliy imkondir bu,
Axir sendek Vatan yo‘qdir hech Vatanda,
Tangri bergan menga mulki Sultondir bu.
Iste’dodli shoira Zebo Mirzo Vatan qadri, uning shon-sharafi hamda jahonda tengsiz xilqat ekanini ana shunday madh etadi.
Yurtimizda so‘nggi yillarda ijtimoiy-madaniy sohalarda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar ham salmoqli bo‘ldi. Fan, madaniyat, sport, adabiyot va san’at rivoj topdi. Vatanimizda davlat rahbarining tashabbusi bilan turkiy davlatlar adabiyotiga doir yuz tomlik asarlar ko‘p nusxada chop etilgani ham qardosh xalqlar madaniy va adabiy hayotida muhim voqea bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda davlat rahbari Serdar Berdimuhamedovga Maxtumquli, Tojikistonda yurt peshvosi Emomali Rahmonga Abdurahmon Jomiy kitobini tuhfa etgani va boshqa o‘nlab misollar davlat rahbarlarining ma’naviyatga, kitobga bo‘lgan e’tibori hamda qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Jonajon Vatanimiz shuhrati butun dunyoga yoyilishiga imkon yaratayotgan sohalardan biri shubhasiz sportdir. Parijdagi Olimpiadada o‘nlab oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lganlar soni jihatidan Markaziy Osiyoda yetakchilik qilgan O‘zbekiston dovrug‘i olis-olislarga yetdi. Diyora Keldiyorova, Hasanboy Do‘smatov, Bahodir Jalolovlar vatanimizda sportning rivojiga katta hissa qo‘shmoqdalar. Ular xalqaro musobaqalarda hamisha yuqori o‘rinlarni egallab, o‘zbek millati dovrug‘i oshishiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Xalqim, duolaring ijobat doim,
Boshingdan ketmagay xurshidi iqbol.
Ruh obod, tuproqqa aylanadi tan,
Vatan boqiy erur, azizdir vatan.
Darhaqiqat, vatanga mehru muhabbatimizni ana shunday izhor etishimiz, uning shonu shavkatini yanada ko‘tarishga hissa qo‘shishimiz zarur.
Vatanni sevish degani quruq madh etishu uning sha’niga balandparvoz so‘zlarni yog‘dirishdan iborat bo‘lmasligi kerak. Yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir inson Vatan ravnaqiga amaliy ishlari bilan hissa qo‘shishi, tajriba va mahoratini, bilim va kuch-quvvatini yurt taraqqiyoti yo‘lida sarf etmog‘i lozim. Bugungi zamondoshimiz menga Vatan nima berdi emas, men yurtim rivoji yo‘lida nima ish qildim, deya hisob berishi darkor.
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri