Senator Xalqaro turistik forumda ishtirok etdi
Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida “Hamdo‘stlik” Travel HUB Xalqaro turistik forumi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu forum doirasida tashkil etilgan plenar va sohaviy muhokamalarda O‘zbekiston Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobiljon Tursunov ishtirok etdi.
Forumda turizmni global iqtisodiy o‘sishning muhim drayveri sifatida rivojlantirish, MDH makonida yagona turistik makonni shakllantirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir doirasida senator Belarus Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasining elchixonasi vakillari bilan uchrashdi. Unda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, xususan, turizm va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika kengashining Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sergey Aleynik bilan uchrashdi.
Unda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqotda yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, MDHdoirasida amalga oshirilayotgan “Xotira poyezdi” va “Hamdo‘stlik bolalari” loyihalari yosh avlodni vatanparvarlik, tarixiy xotira va o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Yoshlarga oid parlamentlararo tashabbuslarni kelgusida ham faol qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Bunday uchrashuv va muzokaralar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va konstruktiv muloqotni davom ettirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA