Senator talabalar uchun maxsus stipendiya ta’sis etdi
Yoshlar — har qanday davlatning bebaho strategik resursi, ta’bir joiz bo‘lsa, «oltin fondi» hisoblanadi.
Shu bois yurtimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bugungi islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. 2021 yil mamlakatimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»deb e’lon qilingani fikrimiz tasdig‘idir.
Prezidentimiz O‘zbekiston yoshlari forumida «Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz. Shu sababli, ushbu sohalarda tub islohotlarni izchil amalga oshirmoqdamiz», deya alohida ta’kidladilar.
Darhaqiqat, kelajagimiz egalariga zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishi, kasb-hunar o‘rganishi, o‘z iste’dodini yuzaga chiqarishi uchun ta’limning barcha bosqichlarida zarur shart-sharoitlar yaratib berilyapti. Ushbu jarayonda davlat va jamoat tashkilotlari, homiylar tomonidan iqtidorli hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelinayotgani e’tiborga molik jihatdir. Bu esa ularda bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqni yanada kuchaytirishda rag‘batlantiruvchi omil bo‘lyapti.

O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov tomonidan Senator stipendiyasi ta’sis etilgani zamirida ham ertamiz egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadi mujassam. Toshkent davlat yuridik universiteti1-bosqich talabasi Madina Yunusova Senator stipendiyaning ilk sohibasi bo‘ldi. Bugun unga 2020-2021 o‘quv yilida maxsus stipendiya olish huquqini beradigan sertifikat topshirildi.
— Konfutsiyning shunday hikmati bor: «Agar sen xalqingni bir yil boqmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek, o‘n yil boqmoqchi bo‘lsang, daraxt ko‘kartir, asrlar davomida boqmoqchi bo‘lsang, ilm, bilim ek», — deydi senator Murtazo Rahmatov. — Shu ma’noda, islohotlarning yangi bosqichida yoshlarni bilimli qilish, ularga ilm o‘rgatish payidan bo‘linayotgani quvonarlidir. Yoshlar bamisoli nihol. Shunday ekan, ularni yaxshi ta’lim-tarbiya berib, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishga barchamiz mas’ulmiz. Umid qilamizki, biz ta’sis qilgan stipendiya yoshlar qalbida bilimga muhabbat uyg‘otib, katta hayot ostonasidagi izlanuvchan va intiluvchan yoshlarga kichik ko‘mak va rag‘bat bo‘ladi.
Buxoro viloyatida tug‘ilib o‘sgan Madinaning eng katta orzusi ushaldi. U mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga berilgan imtiyozdan foydalanib, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Ayni paytda Toshkent davlat yuridik universitetining xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakultetida tahsil olmoqda.
Universitet katta o‘qituvchisi, guruh murabbiyi Vasila Mamadayupovaning aytishicha, Madina o‘zining odobi, tarbiyasi, tirishqoqligi, eng muhimi, bilimga chanqoqligi bilan alohida ajralib turadi. Senator stipendiyasiga u loyiq ko‘rilgani uning tengdoshlarini ham juda xursand qildi.
— Davlatimizning biz, yoshlarga alohida e’tiborini, g‘amxo‘rligini o‘z hayotim misolida chuqur his qilib turibman, — deydi Madina Yunusova. — Bunga javoban xalqimizga nafim tegadigan, el koriga yaraydigan yetuk huquqshunos bo‘lib yetishishni o‘z oldimga oliy maqsad qilib qo‘yganman. Senator Murtazo Rahmatov tomonidan menga maxsus stipendiya ta’sis qilinib, oyma-oy to‘lab borilayotgani esa o‘z ustimda ko‘proq ishlash, o‘qib-izlanishga katta turtki bo‘ldi. Bildirilgan katta ishonchni o‘z muvaffaqiyatlarim bilan oqlashga harakat qilaman.
Senator va yoshlar uchrashuvida jamiyat rivoji, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar taraqqiyotda huquqshunoslarning roli haqida ham so‘z yuritildi. Biologiya fanlari doktori, professor, akademik Bakridin Zaripov shu haqda to‘xtalib, malakali yuristlarga Yangi O‘zbekistonda talab juda yuqori ekanligini alohida ta’kidladi.
— Jamiyatda adolatni qaror toptirish, korrupsiyaning ildizini quritishda huquqshunoslarning roli, ayniqsa, beqiyos, — deydi u. — Shuning uchun bugun huquqiy ta’lim-tarbiyani rivojlantirish, raqobatdosh yurist kadrlarni tayyorlash, ushbu jarayonda ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Bunga Toshkent davlat yuridik universitetida keyingi yillarda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar misol bo‘la oladi.
Uchrashuv so‘ngida Madinaning o‘qishlarida omad va muvaffaqiyatlar,