Senator mahalla raislari bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxonov Namangan shahridagi o‘zi saylangan 25-Do‘stlik saylov okrugi hududidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxonov Namangan shahridagi o‘zi saylangan 25-Do‘stlik saylov okrugi hududidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
– Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi yangi saylangan parlament a’zolari oldiga davr ruhiga hamohang tarzda ishlash, saylovchilarning, xalqning ishonchini oqlash, mehrini qozonish mas’uliyati qo‘yildi, – deydi Nosirbek Abdullaxonov. – Bu mas’uliyat va vazifani kabinetlarda qog‘ozga ko‘milib o‘tirish bilan to‘laqonli ado etib bo‘lmaydi. Zero, xalq vakili xalq ichida, xalq bilan birga bo‘lmas ekan, odamlar bizga nisbatan “Tanasi boshqa dard bilmas” maqolini haqli ravishda qo‘llayveradi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, amaliy ishga kirishish vaqti keldi, xalqimiz uchun ertaga emas, balki bugundan yaxshi yashashi uchun sharoitlar yaratilishiga mas’ulmiz. Bu senator bo‘lib saylanganimdan keyin fuqarolar bilan o‘tkazayotgan ikkinchi uchrashuvim. Birinchi uchrashuvimda ham fuqarolar bilan bevosita muloqot asosida bir qator mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga shaxsan guvoh bo‘lganim biz, albatta, xalq ichida yurishimiz zarurligini ko‘rsatdi.
Nurobod, Gulshan, Navro‘z, Mingterak, Axsikent, Mingchinor, Yuksalish, Ma’naviyat, Boborahim Mashrab va Furqat nomli mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan o‘tgan uchrashuvda oqsoqollar aholining yashash shart-sharoiti haqida ma’lumot berib, hududning o‘ziga xos muammolari va ularni bartaraf etish yuzasidan mulohazalar bildirdi.
– Ish kunimiz avvalida senator bilan uchrashuv haqida aytishganda, ochig‘i, yana odatiy muloqot bo‘ladi, deb o‘ylagandim, – deydi Furqat nomli MFY raisi Saodatxon Xolbaeva. – Qarangki, butunlay buning aksi bo‘lib chiqdi. Senator bilan hamkorlikda hududimizda yangi ish o‘rinlari yaratish masalasida kelishib oldik. Ayniqsa, uyda o‘tirgan xotin-qizlar uchun mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda kasanachalik asosida ish o‘rni yaratish, kam ta’minlangan oilalardagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka muhtoj kishilarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha aniq choralar belgilanganidan mahalla ahli mamnun bo‘ldi.
– Hamjihat bo‘lsak yechilmaydigan muammoning o‘zi yo‘q, – dedi Nosirbek Abdullaxonov. – Shuning uchun faoliyatimizning dastlabki kunlaridanoq xalq ishonchiga munosib bo‘lishga astoydil intilmoqdamiz. Afsuski, hamma rahbarlar ham bugungi talablarni, zamon shiddatini to‘la-to‘kis his qila olmayapti. Ushbu uchrashuvga shaxsan o‘zim ikki marta murojaat qilishimga qaramay, “O‘ztransgaz” AJ Namangan viloyati hududiy gaz ta’minoti filiali 1-Namangan shahar uchastkasi boshlig‘i Sardor Rahimovning kelmagani, o‘z sohasi bo‘yicha yurtdoshlarimizni qiynayotgan muammolarga yechim izlashda hozir yonimizda turmagani shunday fikr uyg‘otadi kishida.
Senatorning mahalla raislari bilan erkin muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvi fuqarolarning jamiyat ishiga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan maqsadi bilan katta ahamiyat kasb etadi.