Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisini 2026-yil 13-iyun kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Senatning yalpi majlisida sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qator muhim qonunlar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, sudning mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish va xalqaro moliyaviy munosabatlarga oid qonunlar ham Senat yalpi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritilgan.
Yalpi majlisda ipakchilikni rivojlantirish, pilla yetishtirish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, ozuqa bazasini yaxshilash hamda eksport salohiyatini kengaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, senatorlar Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitadi.
N.Abduraimova,
O‘zA