Senatda faxriylar, barqaror iste’mol madaniyati masalalari ko‘rib chiqildi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonunda faxriylarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishning tashkiliy, iqtisodiy hamda huquqiy asoslari belgilanmoqda. Qonunning asosiy prinsiplar, faxriylarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Hujjatda faxriylarning toifalari, faxriylarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish choralari, faxriy maqomini bekor qilish va tugatish asoslari qayd etilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar, mas’ul vazirlik va idoralar vakillari tomonidan ayrim taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, qonunda faxriylarning 6 toifasi ko‘rsatilib, ulardan faqat 4 tasini ijtimoiy himoya qilish choralari (imtiyozlar va kafolatlar) belgilangani, “faxriy” tushunchasining huquqiy mazmuni, ushbu maqomga ega bo‘lish mezonlari va mazkur maqomni berish tartibi aniq belgilanmagani ta’kidlandi.
Majlisda shu kabi masalalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
***

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasida esa Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) oyligi doirasida “Barqaror iste’mol va ishlab chiqarish madaniyatini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
BRMning 12-maqsadi – kamroq resurs sarflab, ko‘proq va sifatli mahsulot ishlab chiqarish, tabiiy boyliklarni asrash, chiqindilarni kamaytirish, qayta ishlashni kengaytirish va iste’molchining ekologik mas’uliyatini oshirishdan iborat.
Mamlakatimizda mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish modellarini joriy etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, resurs va energiyani tejash, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, ularni qayta ishlash va takroriy foydalanishni kengaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga ekologik toza texnologiyalarni joriy etish hamda aholi o‘rtasida mas’uliyatli iste’mol madaniyatini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Majlisda barqaror iste’mol va ishlab chiqarish nafaqat ekologik barqarorlik, balki iqtisodiy samaradorlik va aholi farovonligini ta’minlashning muhim omili ekani qayd etildi.
Ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, suv va energiya tejamkorligini oshirish, chiqindilarni qayta ishlashni rivojlantirish, shuningdek, aholi o‘rtasida mas’uliyatli iste’mol ko‘nikmalarini keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA