Senat yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda senatorlar, Vazirlar Mahkamasi mutasaddilari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilayotgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda.
Yalpi majlisda bir qator masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan. “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan. Tashqi ishlar vazirining 2021 yil birinchi yarim yillik faoliyatiga doir axboroti ham eshitiladi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA