Senat Raisi: Osiyo forumi – global chaqiriqlarga qarshi kurashishda ayollar birdamligining yorqin ifodasi
Osiyo xotin-qizlarining II forumi davom etmoqda. Forumda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish hamda har qanday zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonda xotin-qizlar zo‘ravonligining oldini olishga qaratilgan qonunchilik tubdan takomillashtirildi. Oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan jamiyatda murosasiz munosabat shakllanmoqda.
Bunday ijobiy natijalar ayollar va bolalar salomatligini tubdan yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, ayollar bandligiga ko‘maklashish, raqamli inklyuzivlikni kengaytirish, oila institutini mustahkamlash, ekologik barqarorlik va inson kapitalini rivojlantirish kabi qator muhim sohalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

– Samarqandda o‘tkazilgan birinchi forum bunday muloqot maydoniga qanchalik katta ehtiyoj borligini ko‘rsatdi va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi, – dedi T.Norboyeva. – Bugun esa biz bu maydonni doimiy platformaga aylantirish yo‘lida siz bilan birgalikda muhim qadam tashlamoqdamiz. Biz ushbu Osiyo xotin-qizlar forumi orqali nimalarga erishmoqchimiz? Bugun hech bir davlat xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirmasdan turib barqaror taraqqiyotga erisha olmaydi. Shu bois, mazkur platforma nafaqat muloqot, balki umumiy yondashuvlar, amaliy hamkorlik va qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish maydoniga aylanishi kerak, deb hisoblaymiz.
Bu forum – ilg‘or tajriba va eng yaxshi amaliyotlarni o‘zaro o‘rganish platformasi. Umumiy qadriyatlar va milliy an’analarni inobatga olgan holda, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, ularni hayotga joriy etish bo‘yicha samarali mexanizm va ta’sirchan choralar yuzasidan tajribalardan kengroq foydalaniladi. Ushbu forum – xotin-qizlar hamkorligining yangi yo‘nalishlarini shakllantirish va rivojlantirish uchun muhim imkoniyat maydoni.
Endilikda faqat muammolarni muhokama qilish bilan cheklanib qolmasdan, ta’lim, tadbirkorlik, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va bandlik sohalarida qo‘shma dastur va aniq amaliy loyihalar yo‘lga qo‘yiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA