Senat Raisi: Milliy birlikni ta’minlashda uzoqni ko‘zlagan siyosat va sobitqadamlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda
Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva tahlikali davrda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini uyg‘un holda ta’minlaydigan barqaror taraqqiyot sur’atlarini saqlash zarurligi masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
– Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, milliy birlikni mustahkamlash nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi, - dedi T.Norboyeva. – Ayni paytda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat ana shu ulug‘vor maqsadga xizmat qilmoqda.
Deyarli har kuni mamlakatimiz rivoji, hududlarni kompleks taraqqiy ettirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan eng dolzarb masalalar oliy darajada muhokama qilinib, aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berilmoqda.

Ayniqsa, har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid masalalar yuzasidan Prezidentimiz huzurida hudud rahbarlari va respublika darajasidagi mutasaddilarning axborotlari muntazam ravishda eshitilmoqda. Mavjud muammolar chuqur tahlil etilmoqda va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda qator yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Jumladan, Olmaliq shahrida mis boyitish fabrikasi kabi strategik ahamiyatga ega sanoat ob’ektlarining ishga tushirilishi iqtisodiy salohiyatimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Fevral - mart oylarida Prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan muhokamalarda iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari – transport, energetika, geologiya, yengil va og‘ir sanoat, urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, kreativ iqtisodiyot, farmatsevtika, ekologiya kabi sohalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, maktabgacha ta’limni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, uyushgan jinoyatchilik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, aholi murojaatlari bilan ishlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, hududlarni kompleks rivojlantirish yuzasidan Farg‘ona, Navoiy, Andijon, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari bo‘yicha taqdimotlar eshitilib, ularning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
“Dunyoda ro‘y berayotgan o‘ta murakkab siyosiy va iqtisodiy vaziyatga qaramay, yurtimizning barqaror taraqqiyoti va milliy birligini ta’minlashda davlatimiz rahbarining tinimsiz mehnati, uzoqni ko‘zlagan siyosati va sobitqadamligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Shubhasiz, bu jarayonlarda barcha darajadagi davlat mutasaddilari bilan bir qatorda senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlari ham yuksak daxldorlik hissi bilan faoliyat yuritib, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali ijrosini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishi zarur”, dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA